Soha fidoyisi. Xato qilmoq bordir, tuzatmaslik ordir
2024-11-01 21:00:00 / Yangiliklar
Nurota tumanining “Boʻdiq” mahallasida istiqomat qiluvchi Tolib aka (ismi oʻzgartirildi) bir necha bor oʻgʻrilik jinoyati sodir etgani sabab ozodlikdan mahrum etilgan edi.
Sud uning oilasida yagona boquvchiligini hisobga olib, xatosini tuzatishga imkon berdi. Jazosining oʻtalmay qolgan qismi axloq tuzatish ishlariga almashtirildi.
U bu gal ham qilmishidan tegishli xulosa chiqarmay, belgilangan tartib-qoidalarga rioya etmay, Toshkent shahriga ketib qoldi. Tuman IIB JXX Probatsiya guruhi katta inspektori, mayor Oʻtkir Fayziyev Tolib akaning oila aʼzolariga unga nisbatan qidiruv eʼlon qilinsa, uzoq muddatga ozodlikdan mahrum qilinishini tushuntirdi.
Ertasi kuni Oʻtkir Fayziyevning oldiga profilaktik suhbatga kelgan Tolib aka Toshkentga ish izlab ketganini roʻkach qildi. Inspektor uni qattiq ogohlantirib, shu kuniyoq tumandagi eshik-rom ishlab chiqarish sexiga ishga joylashtirdi.
Tolib aka mana 6 oydirki, halol mehnati ortidan roʻzgʻor tebratyapti. U qilmishidan pushaymonligini, inspektordan minnatdorligini bot-bot takrorlaydi.
Mayor Oʻtkir Fayziyev Probatsiya guruhi hisobidagi shaxslarni odatiy sogʻlom hayotga qaytarishda doimo hamkorlar va mutasaddilar koʻmagidan foydalanadi.
U mahalla faollari, keng jamoatchilik, tadbirkorlar bilan birgalikda mahkumlarning muammolarini oʻrganib hal etadi, ularga moddiy va maʼnaviy koʻmak koʻrsatadi.
Ayni paytda tuman IIB Probatsiya guruhi hisobida 223 nafar shaxs boʻlib, ularning 10 nafarini xotin-qizlar tashkil etadi. Joriy yilda ayollarning 9 nafari ish bilan taʼminlandi.
Jumladan, Sabina Nurmuhammedova sunʼiy gul yasash va bezak berish hunariga oʻqitildi. Dilsora Neʼmatovaga subsidiya asosida tikuv mashinasi berildi. Feruza Erkinova esa novvoy-xonada ishlamoqda.
Asosiy vazifamiz — nazoratdagi shaxslarni nafaqat belgilangan tartib-qoida va cheklovlarga rioya etishini, balki qayta jinoyat sodir etmasligini taʼminlash, ularga hayotda oʻz oʻrnini topishida amaliy yordam koʻrsatish.
Zero, yurtimizda inson aziz, uning qadr-qimmati har narsadan ustun, -deydi lavhamiz qahramoni.
Mayor Oʻtkir Fayziyevning saʼy-harakatlari oʻz samarasini bermoqda.
Joriy yilda xatosini anglab, qilmishidan chin dildan pushaymon boʻlib, qatʼiy tuzalish yoʻliga oʻtgan 46 nafar shaxsning probatsiya nazoratidan chiqarilgani fikrimizning tasdigʻidir.
©️ “Postda” gazetasi, Mahliyo Xolova, Navoiy viloyati.