Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati matematika fani oʻqituvchisi Respublika miqyosidagi anʼanaviy “Qori Niyoziy olimpiadasi”ning yakuniy bosqichida gʻolib boʻldi
2024-10-31 12:25:00 / Yangiliklar
Mamlakatimizda ilm-fan, xususan, matematika rivojiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti: “Matematika hamma aniq fanlarga asos. Bu fanni yaxshi bilgan inson aqlli, keng tafakkurli boʻlib yetishadi, istalgan sohada muvaffaqiyatli ishlab ketadi”, — deb taʼkidlagan edilar. Darhaqiqat, matematika fanining tamal toshini Al-Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy kabi ulugʻ bobolarimiz qoʻygan. Shunday ekan, ularga munosib voris boʻlish har birimiz uchun ham burch, ham iftixordir.
2024-yil 27-oktyabr kuni “Akademik Qori Niyoziy merosi” ilmiy-metodik markazi, Matematika instituti hamda Aniq va Ijtimoiy fanlar universiteti hamkorligida Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat yuritayotgan umumtaʼlim maktablari va litseylari matematika fani oʻqituvchilari uchun mukofot jamgʻarmasi 20 million soʻm boʻlgan Respublika miqyosidagi anʼanaviy “Qori Niyoziy olimpiadasi”ning yakuniy bosqichi boʻlib oʻtdi. Birinchi bosqichda 56 va undan yuqori ball toʻplagan 109 ta pedagog xodimlar keyingi bosqichga taklif qilingan edi. Yakuniy bosqichda 30 nafar pedagoglar oʻz bilimlarini sinab koʻrishdi. Sinov natijalariga koʻra 5 nafar pedagoglar gʻolib deb topildi.
1-oʻrin: (5 000 000 soʻm) Jumayev Zafar Otamurodovich – Navoiy vil., Xatirchi tuman ixtisoslashtirilgan maktabi;
1-oʻrin: (5 000 000 soʻm) Norboyev Jahongir Joʻrabek oʻgʻli – Toshkent sh., OʻzR IIVning ixtisoslashtirilgan maktab-internati;
2-oʻrin: (4 000 000 soʻm) Joʻrayev Axmed Akmal oʻgʻli – Navoiy vil., Konimex tuman ixtisoslashtirilgan maktabi;
3-oʻrin: (3 000 000 soʻm) Qurbonov Sardor Shonazar oʻgʻli – Samarqand vil., Narpay t., 16-umumiy oʻrta taʼlim maktabi;
3-oʻrin: (3 000 000 soʻm) Avezov Behruz Azimzoda – Buxoro viloyati, Buxoro sh. 35-ixtisoslashtirilgan davlat umumtaʼlim maktabi.
Ushbu gʻoliblar orasida Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati matematika fani oʻqituvchisi Norboyev Jahongir Joʻrabek oʻgʻlining ham borligi quvonarli hol, albatta. Ilm ahliga boʻlgan eʼtibor va eʼtirof ularni ragʻbatlantiradi, oʻz sohasida fidoyilik bilan ishlashga undaydi. Albatta, bu kabi muvaffaqiyatlar matematika fanini yanada yuksaklarga koʻtarish, ilmfanni rivojlantirish, yosh avlodni tarbiyalashda yanada chuqur masʼuliyat yuklaydi. Ilm dargohimizga faqat gʻalabalar yarashadi. Yutuqlar bardavom boʻlsin! Barcha gʻolib ustozlarni tabriklaymiz.
IIVning ixtisoslashtirilgan maktab-internati