“Jahon kriminologiyasining ilgʻor tajribalari” mavzusidagi I xalqaro forumning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi
2024-10-29 15:15:00 / Yangiliklar
Bugun global makonda mavjud jinoyatlarning barvaqt oldini olish, kelajakda paydo boʻlishi mumkin boʻlgan yangi turdagi jinoyatlarni prognoz qilish hamda ularga qarshi kurashishning samarali usullarini ishlab chiqish va bu yoʻnalishda turdosh xalqaro tashkilot va muassasalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish muhim ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Prezidentimizning 2024-yil 15-yanvardagi “Kriminologiya sohasida ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2024-yil
12-sentyabr kunidagi Farmoyishiga asosan jahon kriminologiyasi
xamda ushbu sohadagi xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish va natijalarini amaliyotga joriy etish maqsadida joriy yilning 29-oktyabr kuni “Jahon kriminologiyasining ilgʻor tajribalari” mavzusidagi
I xalqaro forumning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Unda xorijiy mamlakatlardan tashrif buyurgan nufuzli mehmonlar, hukumat vakillari, kriminologiya sohasidagi xalqaro mutaxassislar, shuningdek, hamkor tashkilotlarning ushbu yoʻnalishdagi malakali xodimlari va xalqaro kuzatuvchilar ishtirok etdi.
Tadbir avvalida, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev soʻzga chiqib, oʻtkazilayotgan forumdan koʻzda tutilgan asosiy maqsad, kelgusida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, transmilliy jinoyatlarga qarshi kurash va global jamoat xavfsizligini taʼminlash ekanini taʼkidlab oʻtdi.
Davlatimiz rahbari tomonidan dunyo mamlakatlari bilan ochiq tashqi siyosat tamoyili asosida, oʻzaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi amaliy hamkorlik mustahkamlanayotgani eʼtirof etildi.
Shundan soʻng IIV Kriminologiya tadqiqot instituti boshligʻi, polkovnik Baxtiyor Berdialiyevning maʼruzasi tinglandi.
Jumladan, Yangi Oʻzbekiston ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan ijobiy islohotlar izchillik bilan davom ettirilayotgani qayd etilib, IIV tizimida kriminologiya sohasidagi tadqiqot institutining tashkil etilishi, uning maqsad-vazifalari, bajarilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar haqida soʻz bordi.
Tadbir davomida tashrif buyurgan mehmonlarning jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida tizimli nazorat oʻrnatish va istiqboldagi muammolarni aniqlash, ularga preventiv chora-tadbirlarni ishlab chiqish va bu borada eng samarali usullarni amaliyotga tatbiq etish hamda puxta oʻylangan mexanizm va metodikalarni ishlab chiqish uchun, avvalo, kriminologik tadqiqotlarni tizimli ravishda yoʻlga qoʻyish borasidagi mulohazalari tinglandi.
Forum doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
IIV Axborot xizmati