Yilning eng yaxshi tergovchilari
2024-10-28 21:00:00 / Yangiliklar
Ichki ishlar organlari tergov boʻlinmalari xodimlari oʻrtasida “Eng yaxshi tergovchi” va “Eng yaxshi tergov jamoasi” nominatsiyalarining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi.
Unda 45 nafar joylardagi gʻolib va sovrindorlar qatnashdi. Ishtirokchilarning jismoniy, kasbiy, jangovar tayyorgarliklarini hamda intellektual va psixologik xususiyatlari sinovdan oʻtkazilib, har biri alohida baholanib borildi.
Tanlov yakuni boʻyicha ishtirokchilar toʻplagan ballar va oʻtkazilgan suhbat natijalari inobatga olinib, tajribali hakamlar tomonidan gʻoliblar aniqlandi.
Vazirlikning majlislar zalida boʻlib oʻtgan “Eng yaxshi tergovchi” nominatsiyasi boʻyicha respublika bosqichi sovrindorlarini tantanali taqdirlash marosimida ichki ishlar vazirining oʻrinbosari -Tergov departamenti boshligʻi, polkovnik R.A.Ashropov ishtirok etdi va gʻolib hamda sovrindorlarni qutladi.
“Eng yaxshi jamoa” nominatsiyasining respublika bosqichida: 3-oʻrin Sirdaryo viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi jamoasi-ga, 2-oʻrin Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi jamoasiga va faxrli 1-oʻrin Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi jamoasiga nasib qildi. Gʻolib jamoalar diplom, monoblok va bir yoʻla toʻlanadigan pul bilan mukofotlandi.
“Eng yaxshi tergovchi” nominatsiyasining respublika final bosqichida: 3-oʻrinni Navoiy viloyati IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, katta leytenant Muyassar Fayzullayeva, 2-oʻrinni Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tergovchisi, kapitan Rustam Normatov qoʻlga kiritdi.
Faxrli 1-oʻrinni egallagan Xorazm viloyati Xiva tumani IIB Huzuridagi Tergov guruhi surishtiruvchisi kapitan Jalolbek Jumaniyazov koʻrik-tanlovning mutlaq gʻolibi deb topildi.
Gʻoliblar diplom, har oylik pul taʼminotining 10, 20, 50 foizi miqdorida bir yil davomida toʻlanadigan pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, koʻrik-tanlovdagi faol ishtiroki uchun vazir oʻrinbosarining faxriy yorligʻi bilan ham bir nechta ishtirokchilar taqdirlandi.
Men nihoyatda hayajondaman. Faoliyatimiz davomida olgan bilim va tajribalarimizni nufuzli hakamlar oldida namoyish etishning masʼuliyati juda katta ekan.
Shunday boʻlsada gʻolib boʻlganimdan judayam xursandman. Koʻrik-tanlov esda qolarli boʻldi. Bu tanlovdan men koʻp saboq oldim. Doʻstlarim yanada koʻpaydi.
Ayniqsa, Oʻzbek milliy drama teatrida namoyish etilgan jadid bobolarimiz hayotini aks ettiruvchi “Choʻlpon” spektakli menda katta taassurot qoldirdi, — deydi tanlovning “Eng yaxshi tergovchi” nominatsiyasining 3-oʻrin sohibi katta leytenant Muyassar Fayzullayeva.
©️ “Postda” gazetasi, Abu Kenjayev, Ikrom Hasanov.