Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonovning "25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni" bayrami munosabati bilan soha xodimlari hamda faxriylariga bayram tabrigi
2024-10-25 12:20:00 / Yangiliklar
Hurmatli ichki ishlar organlari xodimlari!
Aziz faxriylar!
Sizlarni va oila aʼzolaringizni barchamiz uchun qadrli boʻlgan kasb bayrami 25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni munosabati bilan samimiy tabriklayman!
Yurtimiz tinchlik-osoyishtaligini saqlash, jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashdek olijanob vazifaga oʻz hayotini bagʻishlab kelayotgan – qadrli xodimlar, harbiy xizmatchilar, taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, tinglovchi-kursantlari, muhtaram faxriylarimiz hamda xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan hamkasblarimizning oila aʼzolariga chuqur minnatdorlik izhor etaman.
Mustaqillik yillarida barcha jabhalarda boʻlgani kabi ichki ishlar organlari ham gʻoyat sharafli va masʼuliyatli yoʻlni bosib oʻtdi. Ayniqsa, keyingi sakkiz yilda Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida tizimda puxta oʻylangan va keng qamrovli islohotlar amalga oshirildi.
Buning natijasida Yangi Oʻzbekistonda “Barcha islohot va oʻzgarishlar – inson qadrini yuksaltirish uchun” degan ezgu tamoyilga tayangan, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikning kafolati boʻla oladigan, sodiq, yuksak bilim va professional koʻnikmalarga ega vatanparvar kadrlarni oʻzida jamlagan yangi tizim yaratildi.
Davlatimiz rahbari “Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun boʻlsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim, bu – ichki ishlar sohasi, desak ayni haqiqat boʻladi”, deb taʼkidlagani zimmamizdagi masʼuliyatni yanada oshirish bilan birga, barchamizga bildirilgan yuksak ishonch hamdir.
Fursatdan foydalanib, Sizlarni bugungi qutlugʻ bayram bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini taʼminlash, jamiyatimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash kabi sharafli faoliyatingiz yoʻlida – barchangizga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt, yangi muvaffaqiyatlar tilayman.
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri,
general-leytenant P.R.Bobojonov