Halollikni shior qilgan xodimlar: Tushuntirishlar foyda bermadi
2024-10-24 07:40:00 / Yangiliklar
Poytaxtimizning Uchtepa tumanida xizmat olib borayotgan tuman IIOFMB JTSB saf boʻlinmalari PPX 1-otryad PPX inspektorlari, kichik serjant Goʻzal Saidova hamda safdor Bekzod Qoʻchqorov shubhali koʻringan shaxsni tekshirish uchun yoniga borishadi.
Oʻzlarini tanishtirganidan soʻng, undan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini soʻrashadi. Sarosimaga tushib qolgan fuqaro oʻzining ism-sharifini biri togʻdan, biri bogʻdan soʻzlay boshlaydi. Shundan soʻng xodimlar uni xolislar ishtirokida tekshirib koʻrishadi. Fuqaroning yonidan 10 dona “Zardeks” nomli inson ruhiyatiga kuchli taʼsir qiluvchi psixotrop modda va tamaki qutisiga joylangan yashil rangli, oʻtkir hidli giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, IIOFMB 4-sonli IIBga topshirilgan. Ushbu shaxsga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilayotgan vaqtda, u oʻzini javobgarlikka tortilmaslik evaziga Jinoyat qidiruv boʻlinmasi tezkor vakili, mayor Abdumajid Nazarov, kichik serjant Goʻzal Saidova hamda safdor Bekzod Qoʻchqorovga 500 AQSH dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida taklif qilgan.
Xodimlar bunday qilmishi qonunga zid ekanligi, bir jinoyat ustiga ikkinchi jinoyat tomon qadam bosayotganini harchand tushuntirishga harakat qilishmasin, “Choʻkayotgan odam xasga ham yopishadi” deganlaridek u aybini yashirish uchun xodimlarga takror va takror pul taklif qilishda davom etadi.
Ushbu shaxsni toʻgʻri yoʻlga solishning iloji qolmaganidan soʻng, osoyishtalik posbonlari mazkur holat yuzasidan rahbariyatga bildirgi orqali axborot berishadi. Oʻtkazilgan maxsus tadbir davomida fuqaro Sh.J. pora berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olinib, unga nisbatan Uchtepa tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Sarvar SOBIROV, oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.