Jamoat transportlarining xizmat koʻrsatish sifatini oshirish borasida tahliliy yigʻilish oʻtkazildi
2024-10-20 10:00:00 / Yangiliklar
Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyatida hamkor tashkilot rahbarlari hamda masʼul xodimlar ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi.
Yigʻilishda poytaxt aholisiga jamoat transportining xizmat koʻrsatish sifatini oshirish hamda ushbu transport vositalarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasida amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tanqidiy-tahliliy muhokama etildi.
General-mayor Toshkent shahrida yoʻlovchi tashuvchi transport tizimi faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha masʼullarning hisobotlarini tinglab, sohada yoʻl qoʻyilgan bir qator kamchiliklarga toʻxtalib oʻtdi.
Shuningdek vazir oʻrinbosari poytaxtimizdagi 5-avtobus saroyida ham boʻlib, haydovchilar oʻrtasida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, salbiy xatti-harakatlar va qoʻpol qoidabuzarliklar sodir etilishining oldini olish maqsadida muntazam reydlar oʻtkazish, avtobus saroylarida ertalabki avtobuslarni yoʻnalishlarga chiqarishdan oldin kunlik texnik, sanitar holatlari tekshirilishi hamda haydovchilarning tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha masʼullarga tegishli topshiriq va koʻrsatmalar berdi.
IIV JXD Axborot xizmati