Jizzax viloyati Zomin tumanida ichki ishlar boshqarmasining yangi turizm obyekti foydalanishga topshirildi
2024-10-19 09:50:00 / Yangiliklar
Jizzax viloyatining soʻlim Zomin tumanida turizm namoyishi obyektlari va infratuzilmasi hududlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida 2023-yilda Zomin tumani IIB tuzilmasida Xavfsiz turizmni taʼminlash boʻlimi tashkil qilingan. “Zomin” turistik rekreatsion zonasi hududida ushbu xizmat xodimlari uchun yangidan maʼmuriy bino bunyod etildi. Ushbu binoning ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Bahodir Mirzaraximov, Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov, IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti Xavfsiz turizm boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik Nodir Odilovlar ishtirok etdilar.
Tadbirda ichki ishlar vazirining oʻrinbosari, general-mayor Bahodir Mirzaraximov va Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirovlar soʻzga chiqib, sayyohlik xizmatlarini tashkil etishda turistlarning xavfsizligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida soʻz yuritishdi. Shundan soʻng ramziy bogʻich qirqilib, tadbir qatnashchilari maʼmuriy binoda soha xodimlari uchun qurilgan xizmat xonalari va undagi qulayliklarni koʻzdan kechirdilar.
Hozirgi kunda Zomin tumanida 150 ga yaqin muzey, arxeologiya, arxitektura, monumental sanʼat yodgorliklari, madaniy meros obyektlari, eko-agroturizm kabi turistik infratuzilma obyektlari mavjud.
Taʼkidlash joizki, Jizzax viloyatini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududning turistik salohiyatidan samarali foydalanish va turistlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan bir qator chora-tadbirlar natijasida viloyatga, ayniqsa Zomin tumaniga kelayotgan xorijiy va mahalliy turistlarning salmogʻi ortib bormoqda.
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti