Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov tomonidan yangi lavozimga kirishayotgan xodimlarni xizmat intizomi va qonunchilikka rioya qilishlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi
2024-10-15 09:00:00 / Yangiliklar
Buxoro viloyati Ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, boʻsh lavozimlarni munosib nomzodlar bilan jamlash, shaxsiy tarkib oʻrtasida ijro va xizmat intizomi hamda qonunchilikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Ichki ishlar boshqarmasida boshqarma boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov, boshqarma boshligʻining oʻrinbosarlari, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlari hamda shaxsiy tarkib ishtirokida viloyat ichki ishlar organlarining boʻsh boʻlgan ofitserlik hamda safdorlik lavozimlarini munosib nomzodlar bilan jamlash borasidagi shaxsiy tarkib boʻyicha buyrugʻi eʼlon qilindi.
Boshqarma boshligʻi yangi lavozimlarga tayinlangan xodimlar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, har bir xodimning galdagi ustuvor vazifalarini belgilab berdi.
Shuningdek, viloyat ichki ishlar organlarida kadrlar siyosatini toʻgʻri va adolatli olib borish, tizimni xalqchil tuzilmaga, fuqarolarning chinakam himoyachisiga aylantirish, xodimlarni Vatanga va kasbiga sadoqat ruhida tarbiyalash, shaxsiy tarkib oʻrtasida korrupsiogen holatlarga qarshi immunitetni shakllantirish, sohalar kesimida bunga qarshi keskin va ayovsiz kurash olib borish lozimligini qayd etib, masʼullarga bir qator vazifalarni yukladi.
Bundan tashqari, xizmat intizomi va qonunchilik talablarini buzgan har qanday toifadagi masʼul rahbar va xodimlarga nisbatan keskin intizomiy taʼsir choralari qoʻllanilishi qatʼiy belgilanib, har bir holatga favqulodda holat sifatida baho berilishi taʼkidlandi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati