Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining (TICA) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlik dastlabki uchrashuvi boʻlib oʻtdi
2024-10-08 10:00:00 / Yangiliklar
![Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining (TICA) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlik dastlabki uchrashuvi boʻlib oʻtdi](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F54f184fd-42b8-9c9a-65e9-b30ed08cf47c_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Joriy yilning 7-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti boshligʻi Berdialiyev Baxtiyor Erkinovich boshchiligidagi institut xodimlari Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining (TICA) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi raxbari Ali Riza Tezjan va agentlik raxbari oʻrinbosari Albina Tuzlu bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuv ikkala tomonning qizgʻin muzokaralari bilan boshlanib, uchrashuv davomida Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutining kriminologiya sohasida amalga oshirilayotgan loyihalari va ilmiy izlanishlari haqida maʼlumotlar berildi.
Uchrashuv davomida ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va uni rivojlantirish boʻyicha ikkala tomon uchun manfaatli boʻlgan qator masalalar haqida kelishib olindi.
Xususan, Turkiya huquqni muhofaza qilish yoʻnalishida taʼlim dasturlari haqida tanishtirib oʻtib, kibermakonda sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish dasturi boʻyicha xodimlarning malaka oshirish masalalarida hamda aynan amaliy mashgʻulotlarga asoslangan dasturlarni hamkorlikda amalga oshirishi haqida maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot institutida hozirda faoliyati olib borayotgan Koreya va Germaniya kriminologiyasini tadqiq qilish ofislari qatorida Turkiya kriminologiyasini tadqiq qilish ofisini tashkil etish taklifi uchrashuvda ishtirok etayotganlar tomonidan maʼqullandi.
Uchrashuv davomida muhokama etilgan masalalar yuzasidan, kelgusida hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan anglashuv memorandumi imzolash haqida kelishib olindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Kriminologiya tadqiqot instituti boshligʻi Berdialiyev Baxtiyor Erkinovich Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligining (TICA) Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Ali Riza Tezjanni joriy yil 29-30-oktyabr kunlari Institut tomonidan tashkil etilayotgan “Jahon kriminologiyasining ilgʻor tajribalari” mavzusidagi birinchi Xalqaro forumga ishtiroki kelishib olindi.