1-oktyabr kuni Milliy Olimpiya qoʻmitasida Ichki ishlar vaziri, Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi raisi Poʻlat Bobojonov rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan Xalqaro voleybol federatsiyasi prezidenti Ari Grassa janoblari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi
2024-10-01 13:10:00 / Yangiliklar
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Sport vaziri Adxam Ikromov, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, shuningdek Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston voleybol federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Bekmurod Abdullayevlar qatnashdilar.
Uchrashuv jarayonida, kun tartibiga muvofiq, mamlakatimizda voleybol sporti rivojini yangi bosqichga olib chiqish, uni yanada ommalashtirish, mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish, Oʻzbekistonda voleybol boʻyicha yirik xalqaro musobaqalarni tashkil etish, shuningdek mamlakatimizda Voleybol sport turi boʻyicha 19 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida (U-19) Jahon chempionatini oʻtkazish masalalari muhokama qilindi.
Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda sohaga oid istiqbolli vazifalar belgilab olindi.
Xalqaro voleybol federatsiyasi delegatsiyasining mamlakatimizga tashrifi dasturiga muvofiq Ichki ishlar vazirligiga qarashli “Jar” sport majmuasida jahon va olimpiada chempioni Yelizaveta Brax tomonidan yosh voleybolchilarga master klass koʻrsatilishi hamda Oʻzbekiston oliy liga chempionatining final uchrashuvida qatnashishi rejalashtirilgan.