Xitoylik talabalar IIV Akademiyasida taʼlim olmoqda
2024-09-28 09:50:00 / Yangiliklar
Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida Xitoyning Jamoat xavfsizligi universiteti talabalari uchun ikki haftalik oʻquv kursi tashkil qilindi.
Oʻquv kursining ochilish marosimida akademiya boshligʻi Rustam Xatamov ishtirok etib, taʼlim muassasalarimiz oʻrtasida hamkorlik aloqalari izchil rivojlanib borayotganini eʼtirof etdi.
“Keyingi yillarda Oʻzbekiston va Xitoy munosabatlari sifat jihatdan yangi bosqichga chiqdi. Muhim strategik yoʻnalishlar, shu jumladan, taʼlim sohasida ham hamkorlik koʻlami kengaydi. Bugungi kunda akademiyamiz Xitoyning yetakchi turdosh oliy oʻquv muassasalari bilan manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻygan. Galdagi oʻquv kurslari ham hamkorligimizning amaliy ifodasi sifatida oʻzaro tajriba almashinuvini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi”, — dedi akademiya boshligʻi.
Oʻz navbatida, Jamoat xavfsizligi universiteti professori, delegatsiya rahbari Li Szin xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona rishtalarni yuksak darajada qadrlashini aytib oʻtdi. Uning eʼtiroficha, ikki mamlakatni koʻp asrlik tarix, oʻxshash madaniyat va samimiy ishonch ruhi bogʻlab turadi. Bu esa hamkorlik aloqalari ulkan salohiyat va istiqbolga ega ekanligidan dalolat beradi.
Shu kunning oʻzida axborot-resurs markazida dars mashgʻulotlari boshlab yuborildi. Ilk mashgʻulotda talabalar oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixi, yurtimiz hududida qadim sivilizatsiyalarning vujudga kelishi, buyuk ajdodlarimiz va tarixiy siymolarimizning jahon ilm-fani rivojiga qoʻshgan beqiyos hissasi haqida boy maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar akademiya faoliyati, xususan, oʻquv binolari, innovatsion taʼlim jarayonlari, nazariy va amaliy mashgʻulotlarni tashkil etishda qoʻllanilayotgan oʻziga xos yondashuvlar, kursantlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Oʻquv dargohining zamonaviy qiyofasi xitoylik yoshlarda katta taassurot qoldirdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati