Mamlakatimizga Germaniya Federal Kanslerining rasmiy tashrifi doirasida, Samarqand shahrida Ichki ishlar vaziri Poʻlat Bobojonovning Germaniya Federativ Respublikasi Ichki ishlar va vatan vaziri Nensi Fezer xonim bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi
2024-09-16 13:00:00 / Yangiliklar
Tadbir jarayonida, tomonlar ikki mamlakat ichki ishlar vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlik soʻngi yillarda bosqichma-bosqich rivojlanib borayotganligiga toʻxtalib oʻtdilar.
Mazkur ijobiy natijalar, jumladan, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan tashkil etilayotgan huquqshunoslik va profilaktikaga oid seminar-treninglar, Markaziy Osiyo huquqni muhofaza qilish organlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish loyihasi doirasidagi tajriba almashuvi bilan bogʻliq tadbirlar, shuningdek Germaniya Jinoiy politsiya Federal idorasining Markaziy Osiyo boʻyicha vakili Olaf Vorbs bilan ikki tomonlama uchrashuv va hamkorlikdagi amaliy tadbirlarda namoyon boʻlmoqda.
Uchrashuvda taʼkidlanganidek, soʻngi yillarda Oʻzbekistonga tashrif buyurayotgan chet el fuqarolariga qulayliklar yaratish maqsadida, 81 ta xorijiy mamlakat, shu jumladan, Germaniya fuqarolariga Oʻzbekistonda 30 kungacha vizasiz boʻlish imkoniyati joriy etilgan.
Buning natijasida yurtimizga tashrif buyurayotgan Germaniya fuqarolari soni yildan yilga ortib bormoqda, masalan, 2022-yilda ularning soni 40 mingni tashkil qilgan boʻlsa, joriy yilning 8 oyida bu koʻrsatkich 51 ming nafardan oshgan. Oʻz navbatida, Germaniyada doimiy ishlab va yashab kelayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining soni 2 ming nafardan oshgan.
Kuni kecha oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida imzolangan “Migratsiya va mobillik toʻgʻrisida”gi hukumatlararo Bitim ham kelgusida fuqarolarimizning oʻzaro tashriflari jadallashuviga xizmat qilishiga alohida urgʻu berildi.
Uchrashuv davomida tomonlar, kiberjinoyatchilikka qarshi samarali kurashish va raqamli kriminalistikani rivojlantirish, shuningdek kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash masalalarida tajriba almashinuvi doirasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Tadbir doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtganligi hamda yaqin kelajakda ijrosini kutayotgan istiqbolli vazifalar belgilab olinganligi idora rahbarlari tomonidan alohida eʼtirof etildi.
IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasi