Xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
2024-09-12 14:00:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi Xitoy Xalq Respublikasi Lyanyungan shahriga tashrif jarayonida 10-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining birinchi yigʻilishida ishtirok etdi.
“Markaziy Osiyo – Xitoy” formatidagi yigʻilishda mamlakatimiz qatorida Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmanistonning ichki ishlar vazirlari hamda Xitoyning Jamoat xavfsizligi vaziri boshchiligidagi delegatsiyalar qatnashdilar.
Uchrashuv jarayonida tomonlar jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligi boʻyicha hamkorlikni ragʻbatlantirish, huquq-tartibot yoʻnalishida idoralararo va tarmoqlararo muvofiqlashtirish mexanizmini yaratish hamda oʻzaro tajriba almashish, shuningdek mintaqada birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash, koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi masalalarni muhokama qildilar.
Tadbir soʻngida tomonlarning hamkorligini rivojlantirish boʻyicha istiqbolli vazifalarni qamrab olgan “Markaziy Osiyo – Xitoy” yigʻilishining bayonnomasi imzolandi.
Shuningdek, Xitoyga tashrif jarayonida mamlakatimiz Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonovning Xitoy Davlat kengashi aʼzosi – Jamoat xavfsizligi vaziri politsiya generali Van Syaoxun bilan ikki tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda tomonlar shu yil aprel oyida Toshkent shahrida imzolangan ikki vazirlik oʻrtasida 2024-2025-yillarga moʻljallangan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi Dastur ijrosini, shuningdek terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi hamda boshqa turdagi transmilliy jinoyatlarga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish va raqamli kriminalistika yoʻnalishida ichki ishlar organlari xodimlari uchun maxsus oʻquv kurslarini tashkil etish kabi masalalarni muhokama qildilar.
Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish borasida istiqbolli vazifalar belgilab olindi.
IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasi