Xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda
2024-09-12 13:00:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi joriy yilning 9-sentyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasining Jamoat xavfsizligi vazirligi tomonidan Lyanyungan shahrida tashkil etilgan “Oʻzgaruvchan sharoitlarda gʻalaba qozongan hamkorlik: global jamoat xavfsizligi hamjamiyatini qurish” mavzusidagi jamoat xavfsizligi boʻyicha global hamkorlik forumida ishtirok etdi.
Global hamkorlik forumida mamlakatimiz qatori ellikdan ortiq davlatlardan toʻrt yuzga yaqin mutaxassislar, shuningdek BMT, SHHT, Interpol va boshqa xalqaro tashkilot vakillari qatnashdilar.
Kun tartibiga muvofiq, tadbir ishtirokchilari global jamoat xavfsizligi sohasidagi dolzarb muammolar hamda ularning yechimlari, mintaqada koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, soha mutaxassislari oʻrtasida muloqotni rivojlantirish, xavfsizlikka oid qoʻshma dastur va loyihalarni ilgari surish, shuningdek, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi chora koʻrish masalalarini muhokama qildilar.
IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasi