Yurtimiz mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan xavfsizlik choralari oʻrganilmoqda
2024-09-03 09:00:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan poytaxtimizning Yashnobod, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida tashkil etilgan bayram tadbirlari va xalq sayillarida aholi xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan ishlar oʻrganildi.
Shu kunlarda yurtimiz mustaqilligining 33 yillik bayramiga koʻtarinki ruhda keng nishonlanmoqda. Bayram tadbirlari “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!”, degan bosh gʻoya asosida respublikamizning 200dan ortiq joylarida oʻtkazilmoqda.
Ushbu tadbirlar davomida jamoat tartibini saqlash va aholi xavfsizligini taʼminlash maqsadida 16 mingdan ortiq ichki ishlar organlari xodimlari xizmatga jalb etilgan.
Mazkur faoliyatni oʻrganish maqsadida Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan poytaxtimizda bayram tadbirlari oʻtkaziladigan istirohat bogʻlaridagi jamoat tartibini saqlashga jalb etilgan xodimlar faoliyati bilan tanishildi.
Jumladan, Yashnobod tumanidagi “Ashxobod” madaniyat va istirohat bogʻida, Yunusobod tumanining Sayilgoh va Zarafshon koʻchalari boʻylab joylashgan “Sayilgoh” koʻngilochar maskanida, Yakkasaroy tumanidagi Sharof Rashidov shoh koʻchasi boʻylab joylashgan koʻngilochar istirohat bogʻi va “Moviy Gumbazlar” maskani atrofida tungi xizmat faoliyatini olib borayotgan huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan jamoatchilik bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ishlar va hududlarda tatbiq etilayotgan xavfsizlik choralari oʻrganildi.
Majmualarga jamoat tartibini taʼminlashga jalb qilingan xodimlarning axborotlari tinglandi, xodimlarning huquqbuzarliklarni oldini olish boʻyicha tezkor shaylik holati nazorat tariqasida tekshirildi, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda xizmatni tashkillashtirish borasida tegishli koʻrsatmalar berildi.
Tadbir jarayonida ishchi guruh tomonidan, shuningdek, Yashnobod tumani “Doʻstobod” mahallasi Sultonali Mashhadiy koʻchasida joylashgan 1-son Huquq tartibot maskanida xizmat olib borayotgan xodimlarni ish jarayoni hamda ularga yaratilgan shart-sharoitlar, Yunusobod tumani “Ahilobod” mahallasi hududida ijtimoiy-kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida olib borilayotgan ishlar, shuningdek tumanning “Bogʻishamol” mahallasida joylashgan 1-son Huquq tartibot maskani faoliyati oʻrganildi.
Tadbir jarayonida asosiy eʼtibor, xizmatni masʼuliyat va hushyorlik bilan tashkil etilishga, koʻngil ochar maskanlari va sayilgohlar hududlarida videokuzatuv nazorati, transport vositalarining xavfsiz harakatlanishi, aholi osoyishtaligini taʼminlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaratildi, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi hamda ijrosi nazoratga olindi.