Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunovning Shofirkon tumanidagi oʻrganishlari davom etmoqda
2024-09-01 11:40:00 / Yangiliklar
Prezidentimizning 2017-yil 8-avgustdagi “Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini taʼminlashga doir ustuvor chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori asosida mamlakatimizning barcha hududlarida yoʻlga qoʻyilgan sektorlar faoliyati davlat organlarini aholi bilan yanada yaqinlashtirish, xalq bilan tizimli muloqotini yoʻlga qoʻyishda muhim omil boʻlmoqda.
Avval xabar berganimizdek, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunovga ham viloyat 3-sektor rahbari sifatida Gʻijduvon, Shofirkon hamda Vobkent tumanlari biriktirilgan.
Boshqarma boshligʻi oʻz faoliyatini boshlagan kunidanoq fuqarolarimizning hayotiy muammo va ehtiyojlarini hal etish, aholi bilan ochiq, toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni kuchaytirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga hamda sektor faoliyatini yanada takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Ayni maqsadda esa Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi doimiy ravishda hududlarda boʻlib, tumanlar sektor rahbarlari, tegishli masʼullar, mahallalar “yettilik” vakillari shuningdek, aholi bilan bevosita muloqot oʻtkazib, mavjud muammolarni tizimli ravishda hal etib kelmoqda.
Bugun ham 3-sektor rahbari Ikromjon Tursunov oʻzi masʼul etib belgilangan Shofirkon tumanida boʻldi.
Boshqarma boshligʻi dastlab, tuman markaziy oʻyingohida olib borilayotgan qayta rekonstruksiya ishlarini jadallashtirish borasida ilgari berilgan topshiriqlarning ijrosini koʻzdan kechirdi.
Jarayonda tumandagi sportsevar yoshlar bilan muloqot oʻtkazdi.
Shundan soʻng, boshqarma boshligʻi tumanning olis hududlaridan yana biri “Shibirgʻon” mahallasida oʻrganish ishlarini davom ettirdi.
Jumladan, tegishli mutasaddilar va mahalla yettiligi ishtirokida hududda “Obod va xavfsiz xonadon” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan tozalash obodonlashtirish, kommunikatsiya tarmoqlarini oʻtkazish va shu kabi boshqa ishlarni joyida oʻrganib, galdagi vazifalarni muhokama qildi.
Shundan soʻng boshqarma boshligʻi masʼullar bilan birgalikda aholining bayram kayfiyatini bilish, ularni eng aziz va muqaddas bayram davlatimizning 33 yillik tantanalari bilan muborakbod etish maqsadida uyma-uy yurib, ayniqsa, ijtimoiy ahvoli ogʻir, kam taʼminlangan, “Temir”, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlariga kirgan, shuningdek, uzoq muddatga ketgan yoki qiynalganligi sababli vatanga qaytib kelgan fuqarolar, ularning yaqinlari, voyaga yetmagan farzandlari hamda yakka yolgʻiz, nogiron va uzoq vaqtdan beri kasallikka chalinib davolanayotgan fuqarolarning holidan xabar olib, ushbu toifadagi shaxslarning muammolari va murojaatlarini oʻrgandi.
Jarayonda viloyat hamda tuman mutasaddi idoralarining masʼul rahbarlariga aniqlangan masalalar yechimi yuzasidan tavsiya, koʻrsatma hamda topshiriqlar berildi.
Shofirkon tumaning Dorigar mahallasida 2930 nafar aholi istiqomat qiladi.
Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Razzoq ota Rajabov xonadonidagi toʻrt sotix tomorqa yerida 70 tup anjir va 20 tup anor daraxtlarini ekkan. Usta bogʻbon ushbu bogʻdan olayotgan hosilidan yiliga 30-40 million atrofida daromad topmoqda.
Boshqarma boshligʻi mahalladagi oʻrganishlari doirasida ushbu xonadonga ham tashrif buyurdi. Razzoq ota Rajabovning koʻp yillik bogʻdorchilik tajribasini yaqindan oʻrgandi.
Jarayonda tomorqasidan unumli foydalanib, yaxshi daromad topayotgan ushbu usta bogʻbon tajribasini mahallaning boshqa hududlariga ham joriy etgan holda, tomorqasidan unumli foydalanmaydigan, kam taʼminlangan fuqarolar xonadonlariga ham yoyish, ushbu yoʻnalishni mahallaning asosiy drayveriga aylantirish orqali mahalla fuqarolar yigʻini aholisining daromadlarini oshirish chora tadbirlari yuzasidan oʻzining bir qator tavsiya hamda topshiriqlarini berdi.
Bu kabi oʻrganish, amaliy yordam koʻrsatish ishlari tizimli va reja asosida davom ettirilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati