Yangi Oʻzbekiston — Yangi ichki ishlar organlari. Oʻz uyingga ne yetsin
2024-08-15 20:10:00 / Yangiliklar
Mamlakatimizda “Xalq manfaatlariga xizmat qilish” gʻoyasi eng ustuvor vazifalardan biri. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan poydevori qoʻyilayotgan Yangi Oʻzbekiston davrida bu yanada oʻz isbotini topayotganini koʻrmoqdamiz. Xususan, ichki ishlar organlari tubdan isloh qilinib, xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, ular uchun munosib ish va yashash sharoitlarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotganini ham eʼtirof etish lozim.
Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani IIOFMB JTSB PPX otryadi inspektori, katta serjant Davlat Bozorboyev 15 yildan buyon sohada faoliyat yuritib keladi. Dastlabki xizmatini tuman IIB YOXBda boshlagan. Keyinchalik IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslarini tugatib, qoʻriqlash, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish yoʻnalishida faoliyatini davom ettirdi.
Ichki ishlar organlari xodimlarini har tomonlama ijtimoiy himoya qilish, oʻz navbatida, ularni imtiyozli uy-joylar bilan taʼminlash hamda ularning turmush sharoitini yaxshilash boʻyicha bir qancha dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda. Buning isboti sifatida yaqinda Mirzo Ulugʻbek tumanida ichki ishlar organlari xodimlariga imtiyozli ravishda yangi xonadonlar berildi. Mana shunday baxtga katta serjant Davlat Bozorboyev ham sazovor boʻldi. Xodim shu kungacha turmush oʻrtogʻi va ikki nafar farzandi bilan ijarada yashardi. Albatta, uyma-uy koʻchganida, u yoqdan-bu yoqqa sarson boʻlib yurgan paytlarda birmuncha qiyinchiliklarga duch kelardi. Bu esa xizmat sifatiga ham taʼsir koʻrsatishi tabiiy. Mana, endi oila yangi uy-joyga ega boʻldi. Xonadon xizmat joyidan uncha uzoq emas. Xodim esa xotirjam oʻz vazifasini bajaradi.
- Turmush oʻrtogʻimga xizmat joyidan uy-joy berilishi biz uchun kutilmagan yangilik boʻldi, — deydi D. Bozorboyevning ayoli Vasilaxon. — Ayniqsa, farzandlarimizning quvonchi ichiga sigʻmaydi. Bunday gʻamxoʻrlik uchun Prezidentimizga va Ichki ishlar vazirligi rahbariyatiga minnatdorlik bildiramiz. Shuningdek, uyimizni koʻrkam va shinam qilib bunyod etgan quruvchilarga ham qoʻlingiz dard koʻrmasin, deymiz.
Ichki ishlar organlari xodimlari uchun amalga oshirilayotgan bu kabi ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash ularning oʻz vazifasiga sidqidildan yondashishda hamda ona Vatanga yanada sadoqat bilan xizmat qilishida muhim omil boʻlishi shubhasiz.
Sarvar SOBIROV, oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.