Yoshlar — kelajagimiz. Dunyo kezaver Oʻzbegim!
2024-08-12 18:00:00 / Yangiliklar
Safdor Murodjon Bozorov bir necha yildan buyon Sirdaryo tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimida xizmat qiladi. Bu yerga kuniga oʻnlab fuqarolar tashrif buyuradi. Ular shunchaki hujjat almashtirish tashvishi bilan kelsada, orzu-umidlari, hayoti, turmush tarzi oʻzgarayotganini his qilish qiyin emas.
Oʻn yetti yoshli mana bu qiz Choltoʻqaydan. U xorijga chiqish huquqini beruvchi pasport olish uchun kelgan. Maʼlum boʻlishicha, IELTS-dan yuqori ball toʻplagani bois koʻplab universitetlar unga grant ajratishini maʼlum qilgan.
Qiz Italiyaning Milan shahridagi universitetni tanlabdi. Murodjon unga chin dildan havas qildi. Qizni suratga olib, biometrik maʼlumotlarini tizimga joyladi. Uch-toʻrt kun ichida hujjat tayyor boʻlishini aytdi.
Bu er-xotin esa Qamaristondan. Ular biznes bilan shugʻullanishlarini aytishdi. Ikki nafar farzandini ham yetaklab kelishgan. Biri oʻn yosh, ikkinchisi toʻrt yosh. Oilaviy chet elga, dam olishga ketishayotgan ekan.
Shuning uchun barchasiga pasport rasmiylashtirish taqozo etilardi. Jarayonlar nihoyasiga yetgach, oila mamnun holda u bilan xayrlashdi.
Shunday paytlarda safdor Murodjon Bozorov ich-ichidan sevinadi. Axir, yetti-sakkiz yil oldin xorij eshiklari bu qadar ochilmagan, odamlar sayyohlik, taʼlim olish uchun chetga chiqish imkoniyatiga bu qadar ega emas edida.
Shu bois Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi xodimi sifatida cheksiz faxr hissi tuydi…
©️ “Postda” gazetasi, Sirdaryo viloyati.