Jizzax shahrida aholi osoyishtaligini saqlash, kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlashga qaratilgan xizmatoldi yoʻriqnoma oʻtkazildi
2024-08-07 09:00:00 / Yangiliklar
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Milliy gvardiya, Yoshlar ishlari agentligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasining shu yil 29-iyul kuni “Xavfsiz hudud va mulkiy jinoyatlar profilaktikasi oyligi” maxsus profilaktik tadbirini oʻtkazish chora-tadbirlari boʻyicha yoʻriqnomani tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qoʻshma qarori qabul qilindi.
Shu asosida respublika miqyosida keng qamrovli “Xavfsiz hudud va mulkiy jinoyatlar profilaktikasi oyligi” oʻtmoqda.
Maxsus profilaktik tadbir doirasida Jizzax viloyatida ham qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Jizzax shahrida xizmatga jalb etilgan huquq-tartibot, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida yigʻilish tashkil etildi.
Yoʻriqnomada aholi osoyishtaligini saqlash, kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlashga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi.
Taʼkidlash joiz, jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish ishlariga ichki ishlar boshqarmasining barcha kuch vositalari jalb etilgan.
Soha xodimlari hamkor tashkilotlar vakillari bilan birga mulkiy turdagi jinoyatlarning oldini olish, aholini ogohlikka chorlash, ularning bu boradagi huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targʻibotlar qilinmoqda.
Shu maʼnoda umumiy ovqatlanish shoxobchalari, choyxona, restoran va kafelar, savdo va koʻngilochar majmualarda tadbirkorlar va fuqarolarga oʻgʻirlik, firibgarlik kabi qonunbuzarliklardan ogoh boʻlish kerakligi targʻib qilindi.
Shuningdek, shahar IIB JXX Probatsiya guruhi nazoratida jazo oʻtayotgan mahkumlar hamda maʼmuriy nazorat ostidagi shaxslar bilan profilaktik suhbatlar qilindi.
Tadbir davomida ovchilarning ov qurollarini qay tartibda saqlayotgani ham koʻzdan kechirildi.
Bundan tashqari qarovsiz qoldirilgan turli buyumlar egalariga topshirilib, ularga ogoh boʻlish va buyumlarni qarovsiz qoldirmaslik lozimligi yetkazildi.
Tungi vaqtda bemaqsad yurgan shaxslar esa IIBlarga olib kelinib, ular bilan profilaktik suhbat olib borildi.
Nizoli fuqarolar bilan esa muloqot chogʻida, ularning ijtimoiy-maishiy muammolarini hal etishga amaliy koʻmak berilayapti.
Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati