Mulohaza. Bir kunlik hasham mashmashasi
2024-08-04 11:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning iyun oyida Kegeyli tumanida boʻlib oʻtgan nikoh toʻyida yoshlarning bir nechta avtomashinada tartibsiz harakatlanib, poyga uyushtirgani ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.
Buning natijasida bir nechta transport vositalari oʻzaro toʻqnashib, taʼmirtalab holga keldi. Bu oʻz navbatida tarmoq foydalanuvchilari orasida katta muhokamalarga sabab boʻlib, ularni yoqlab chiqqanlar hamda salbiy fikr bildirganlar oʻrtasida tortishuvlarni keltirib chiqardi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, soʻnggi paytlarda nafaqat mazkur toʻy, balki shunga oʻxshash baʼzi oilaviy tadbirlar, tugʻilgan kun kabi marosimlarni dabdababozlik ila oʻtkazib, uni ijtimoiy tarmoq orqali oʻzgalarga koʻz-koʻz qilish bilan bogʻliq holatlarga tez-tez guvoh boʻlmoqdamiz.
Ayniqsa, nikoh toʻylaridagi uzundan-uzun avtomashinalar korteji, «qiz olib qochish» marosimi, toʻy bilan bogʻliq turli rasm-rusumlar, yubileylarni nishonlashda shov-shuv qilib, ortiqcha isrofgarchilikka yoʻl qoʻyayotganlarni bunga misol qilishimiz mumkin.
Albatta, toʻy xalqimiz uchun quvonchli onlar nishonlanadigan, yaqinlar bilan xursandchilikni boʻlishish maqsadida qilinadigan marosim hisoblanadi.
Shu bois «yiqqan-terganing toʻyga buyursin» degan yaxshi niyat bildiriladi. Ammo, jamiyatimizda uning maʼnosini notoʻgʻri talqin qilib, xatoga yoʻl qoʻyayotgan kishilar soni ortib borayotgani achinarli holdir.
Ayrim fuqarolar bir kunlik toʻyga sarflanadigan katta xarajatlar bois qarzga botib, qarzini uzish uchun uzoq muddatga chet elga ishlagani ketayotganligi, hattoki ajrimlarga sabab boʻlayotganligi ham sir emas.
Bundan 100-yillar ilgari jadidlar harakatining koʻzga koʻringan vakillaridan biri Mahmudxoʻja Behbudiy ham «toʻy va taʼziya singari ikki dushmanimiz oyogʻimizga tushov boʻlib turibdi.
Unga sarf qilinaturgʻon oqchalarimizni biz, turoniylar, ilm va din yoʻligʻa sarf yetsak, ovrupoyilardek taraqqiy etarmiz va oʻzimizda, dinimizda obroʻy va rivoj topardi» deya taʼkidlagan edi.
Bundan tashqari, Prezidentimiz 2017-yilda ziyolilar bilan oʻtkazgan uchrashuvida fuqarolar tomonidan bildirilayotgan koʻplab takliflar qatorida, toʻy-maʼrakalarni ixchamlashtirish boʻyicha qaror ishlab chiqarilishini maʼlum qilgandi.
Shundan kelib chiqqan holda, Oliy Majlis palatalarining 2019-yil 14-sentyabr kuni qoʻshma qarori qabul qilinib, undan aniq vazifa va masalalar oʻrin oldi.
Toʻgʻri, oʻtgan yillar davomida qoʻshma qaror talablarini bajarish yuzasidan bir qancha ishlar amalga oshirildi.
Ammo soʻnggi paytlar ijtimoiy tarmoqlarda yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek holatlarning sodir boʻlayotgani ushbu masalaning biroz eʼtibordan chetda qolayotganini anglatadi.
Shunday ekan, bu boradagi targʻibot-tashviqot ishlarini yana qoʻlga olish zaruriyati yuzaga keladi. Ushbu talabdan kelib chiqqan holda, ichki ishlar organlari faxriylari tomonidan joylarda tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Xususan, Nukus tumanida yashovchi faxriylar tomonidan tuman Xalq qabulxonasi, Nuroniylar kengashi, yoshi ulugʻ kishilar bilan birgalikda ilk bora «Darsan» makon fuqarolar yigʻinida uchrashuv oʻtkazildi.
Unda isrofgarchilikning oldini olish, ortiqcha toʻy marosimlarini qisqartirish, milliy urf-odatlarimizga toʻgʻri kelmaydigan odatlardan voz kechish, unga sarflanadigan xarajatlarni yosh oila zaruriyatiga ishlatish toʻgʻri boʻlishi kabi masalalar muhokama etilib, maʼlum muddatdan soʻng uning ijrosi oʻrganildi.
«Darsan tajribasi» tumandagi boshqa hududlarda ham davom ettirilmoqda. Bu tashabbusni keyinchalik Nukus tumani tajribasi sifatida respublikaga namuna sifatida joriy etish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, bu haqda ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilib borilmoqda. Ushbu chora-tadbirimizning mazmun-mohiyatini aholi ham toʻgʻri qabul qilmoqda.
Xulosa oʻrnida aytadigan boʻlsak, toʻy beradigan ham, boradigan marosimlar koʻpayib ketdi, deya aytib yurganlar ham oʻzimiz, aytganga quloq solmaydi deyotganlarimiz esa oʻz farzandlarimiz.
Agar quda-anda, qarindoshlar bilan toʻylarni ixcham va kamxarj qilib oʻtkazishga kelishsak, farzandlarimizga pandu nasihat bilan tushuntira olsak, bizga ularni tartibga solish uchun alohida qaror yoki farmonni kutishga zarurat qolmaydi.
©️ “Postda” gazetasi, Qdirboy Gulmanov, isteʼfodagi podpolkovnik.