Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari general-mayor Bekmurod Abdullayev hamkor vazirlik va idoralar bilan qoʻshma videoselektor yigʻilishini oʻtkazdi
2024-08-04 09:00:00 / Yangiliklar

Qoʻshma yigʻilishda Mustaqillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish davrida mahallalarda xavfsizlikni taʼminlash, jamoat tartibini saqlash, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini hamkorlikda jadallashtirish, aholining jinoyat sodir etish yoki undan jabrlanishini oldini olish borasidagi aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
Yigʻilishda Ichki ishlar, Milliy gvardiya va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi va Yoshlar ishlari agentligi masʼul rahbarlari ishtirok etdilar.
Vazir oʻrinbosari general mayor Bekmurod Abdullayev bayramga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish davrida aholi va mehmonlar xavfsizligi, mol-mulk daxlsizligi va yoʻl harakati xavfsizligini hamkorlikda taʼminlash borasida bir qator topshiriq va vazifalar belgilab berdi.
Shu munosabat bilan, Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan joriy yilning 3-avgust kunidan 5-sentyabrga qadar respublika mahallalarida «Xavfsiz hudud va mulkiy turdagi jinoyatlar profilaktikasi oyligi» maxsus profilaktik tadbirlari oʻtkazish toʻgʻrisida vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan imzolangan qoʻshma qarorni hamkorlikda ijroga qaratish, ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, matbuot va fuqarolar oʻrtasida keng qamrovli targʻibot-tashviqot ishlarini amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Muhokama davomida yigʻilishda ishtirok etgan vazirlik va idora masʼullari qoʻshma qarorda belgilangan vazifalar yuzasidan oʻz takliflarini bildirdilar.
IIV JXD Axborot xizmati