Asosiy kontentga o'tish

Jizzax viloyati IIBda Vazir oʻrinbosari polkovnik Zufar Kurbanov ishtirokida joriy yilning birinchi yarmidagi faoliyat tahliliga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi

2024-07-27 10:30:00 / Yangiliklar

Viloyat hamda hududiy ichki ishlar boshqarma va boʻlimlari, shuningdek, sohaviy xizmatlar boshliqlari, ularning oʻrinbosarlari ishtirokida, videoaloqa shaklida tashkil qilingan tadbirni viloyat IIB boshligʻi, general-mayor Gʻayrat Qodirov boshqarib bordi.

Muhokama davomida shu yilning birinchi yarmida viloyatdagi 309 ta mahallaning 205 tasida jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmagani, qizil toifadagi mahallalar sonini 48 foizga kamaytirishga erishilgani qayd etildi. Shuningdek, ogʻir tan jarohati etkazish jinoyati 20 foizga, bezorilik jinoyati 27 foizga, oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-ulov hodisalari 8 foizga, oʻrtacha tan jarohati etkazish 22 foizga kamaygan.

Xuddi shunday, Namangan tajribasi asosida Jizzax shahridagi 16 ta, Sharof Rashidov tumanidagi 9 ta mahalla kriminogen vaziyatiga koʻra 8 ta mikrohududga ajratilib, yashil toifadagi mahallalarda faoliyat yuritayotgan 25 nafar profilaktika inspektorlari hamda 13 ta avtopatrul, 3 ta piyoda patrul guruhlari 6 oy muddatga ushbu hududlarga xizmatga jalb qilingani ijobiy samarasini berganligi bildirildi. Jumladan, oʻtgan yillarda “qizil” toifada boʻlgan mahallalarning 16 tasida jinoyat roʻy bermagan. Umumiy jinoyatlar sonini 21 tadan 13 taga kamaytirishga erishilgan.

Ammo Zarbdor, Mirzachoʻl, Forish, Zomin, Sharof Rashidov tumanlari hamda Jizzax shahrida ayrim turdagi jinoyatlar oshishiga yoʻl qoʻyilgan. Shu maʼnoda mazkur hududiy ichki ishlar boshqarma va boʻlimlari boshliqlarining yoʻl qoʻyilgan kamchilik va nuqsonlarga oid izohlari tinglandi. Tadbirda xizmat intizomi va qonuniylikni taʼminlash, yoʻllarda harakat xavfsizligiga erishish, probatsiya xizmati nazorati ostida boʻlgan shaxslar bilan profilaktik tadbirlarni amalga oshirish, otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlash, 3-sektordagi mahallalarda aholi muammolarini hal qilishga oid masalalar ham muhokama etildi.

Yakunda mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga oid chora-tadbirlar belgilanib, masʼullarga topshiriq va vazifalar yuklandi.

Jizzax viloyati IIB Axborot xizmati

253

Oxirgi yangilanish: 2024-07-28 08:36:11

Jizzax viloyati IIBda Vazir oʻrinbosari polkovnik Zufar Kurbanov ishtirokida joriy yilning birinchi yarmidagi faoliyat tahliliga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi