Asosiy kontentga o'tish

Chekka hududlarda. Jamoat tartibi fidoyilari

2024-07-26 13:00:00 / Yangiliklar

Shirin shahri Tojikiston bilan chegarada, Toshkent va Sirdaryo viloyatlari oʻzaro tutashgan hududda joylashgan. Shu bois uni oʻziga xos chorraha, deyish mumkin. Shahar IIB xodimlari bu holatni doim nazarda tutishadi.

Amir Temur nomli mahallada nomaʼlum shaxs giyohvandlik moddasi savdosi bilan shugʻullanayotgani haqida xabar olindi. Mahalla profilaktika inspektoriga koʻmakka yuborilgan tezkor guruh tezda uni qoʻlga oldi.

Gumonlanuvchining yonidan smolasimon modda topildi. Surishtiruvlar natijasida ushbu shaxs Xovos shaharchasida yashovchi 48 yoshli N. boʻlib chiqdi. U qoradori oldi-sotdisi bilan shugʻullanayotganini tan oldi.

Shirin — energetiklar shahri. Yaqinda shaharda xorijlik ishbilarmonlar tomonidan yana bir korxona — 1,5 megavatt quvvatdagi bugʻ-gaz qurilmasi ishga tushirildi.

Gap shundaki, yangi korxona qurilishida minglab quruvchilar faoliyat koʻrsatdi. Ularning aksariyati mahalliy yoshlar boʻlsa, ayrimlari Yaponiya, Xitoy, Hindiston kabi mamlakatlarning fuqarolari.

Shu bois ichki ishlar organlari xodimlarining ishi yanada koʻpaydi. Birinchidan, chetdan katta saʼy-harakatlar evaziga keltirilgan qimmatbaho uskunalar, jihozlar, qurilish materiallarining talon-toroji, oʻgʻirligining oldini olish.

Ikkinchidan, chet el fuqarolarining mamlakatimizda boʻlish qoidalariga rioya etilishini taʼminlash.

Qayd etish kerakki, fidoyi, tajribali xodimlar har ikki vazifani ham muvaffaqiyatli uddalashdi. Qurilish ishlari olib borilgan bir yarim yil davomida birorta oʻgʻrilik holati sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.

Shaharning turli mavzelarida vaqtinchalik yashayotgan yuzdan ortiq chet el fuqarolari tomonidan ham qonun talablari buzilmadi. Aksincha, ular ichki ishlar organlari xodimlarining professionalligi, mahalliy aholining mehmondoʻstligi, odamiyligini alohida eʼtirof etishdi.

Qariyb ikki yildan beri mamlakatingizdaman, — deydi xitoylik Nguyen Vuy. — Mahalliy «politsiya» xodimlari menda katta taassurot qoldirdi.

Vaqtincha roʻyxatdan oʻtishimiz uchun sanoqli daqiqalar zarur boʻldi, xolos. Jamoat joylarida boʻlishimiz, ishga borish-kelishimizda ular biz bilan xushmuomalada boʻlishdi.

Yaqinda Shirin shahrida jamoat xavfsizligini taʼminlashning yangi bosqichiga oʻtildi. Shaharning barcha mavzelari, aholi gavjum joylari, yoʻllarini kuzatish imkonini beruvchi oʻnlab zamonaviy kuzatuv kameralari oʻrnatildi.

Shahar IIBda situatsion markaz ishga tushirildi. Barcha kuzatuv kameralari integratsiya qilingan ushbu markaz jamoat tartibini buzish holatini tezkor aniqlash, qonunbuzarliklarni qayd etish va tezkor chora koʻrish imkonini berayotir.

©️ «Postda» gazetasi, Abdurahmon Mustafoqulov, Sirdaryo viloyati.

243

Oxirgi yangilanish: 2024-07-26 21:32:57

Chekka hududlarda. Jamoat tartibi fidoyilari