Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov Toshkent shahar IIBB tarkibidagi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasining foydalanishga topshirilgan yangi maʼmuriy binosini ochilish marosimida ishtirok etdi
2024-07-20 22:00:00 / Yangiliklar
Davlatimiz rahbarining 2022-yilning 25-iyul kunidagi alohida qarorlariga asosan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi tuzilmasi qoshida, yangi, Axborot texnologiyalari sohasida jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi tashkil etilib, faoliyat olib bormoqda.
Tor sohadagi mutaxassislarni qamrab olgan mazkur boshqarma axborot texnologiyalari sohasidagi huquqbuzarliklarni oldini olish, fosh etish va ularga barham berishga ixtisoslashtirilgan boʻlib, kiberxavfsizlik, huquqbuzarliklar profilaktikasi, tergov, ekspert-kriminalistika va tashkiliy boʻlinmalaridan tashkil topgan.
Belgilangan vazifalarni yuqori darajada va sifatli bajarish hamda Davlat rahbarining sohaga oid qarorlarini ijrosini taʼminlash maqsadida boshqarmaning yangi maʼmuriy binosi foydalanishga topshirildi.
Tantanali ochilish marosimida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov, soha masʼullari va faxriylar, huquqni muhofaza qilish organlari vakillari hamda jamoatchilik qatnashdilar.
Tadbir jarayonda, axborot xavfsizligi bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega ekanligi, xalqimizni bu turdagi jinoyatlardan himoya qilishda mazkur tuzilmaning ahamiyati kun sayin oshib borayotganligi, shuningdek xodimlar uchun yaratilayotgan sharoitlar ularning masʼuliyatini karrasiga oshirishi zarurligi taʼkidlandi.
Endilikda kibermakonda sodir etiladigan huquqbuzarliklar, boshqarma tomonidan alohida yagona tizim asosida hisobga olinib, tezkor-qidiruv, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov jarayonlari yaxlit boshqaruv va uzluksiz tartib asosida amalga oshiriladi.
Bunday ixcham va soddalashtirilgan tizim, kelgusida xalqimizning ortiqcha sarsongarchiligini oldini olish bilan bir qatorda kibermakondagi jinoyatlarni tezkorlik bilan sifatli fosh etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir davomida mutasaddilar tomonidan boshqarma xodimlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy texnik anjomlari, maxsus vositalar va aslahalar bilan tanishdilar.