Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi Sanʼat saroyida «Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi» doirasida gala-konsert dasturi tashkil etildi
2024-07-20 10:00:00 / Yangiliklar
Kiber jinoyat bugungi kunning millat, davlat, jamiyatga xavf solayotgan dolzarb muammolardan biri ekani hech kimga sir emas. Bu raqamli elektron muhitning rivojlanayotgani sayin ortib bormoqda-desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi.
Joriy yilning 1-iyulidan 31-iyuliga qadar mamlakatimizda «Kiber madaniyatni yuksaltirish oyligi» deb eʼlon qilingan.
Mazkur oylikni keng qamrovda oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan boʻlib, viloyatimiz boʻylab tashkil etilayotgan tadbirlar, uchrashuvlar, targʻibot-tashviqot ishlari, tanlovlar shular jumlasidandir.
Oʻzbekiston Respublikasi IIV Tezkor qidiruv departamenti Kiber xavfsizlik markazi, Surxondaryo viloyati hokimligi hamda viloyat IIB Tezkor qidiruv xizmati Kiber xavfsizlik boʻlimi, Termiz shahar IIB tomonidan viloyat markazidagi muhtasham Sanʼat saroyida gala konsert dasturi namoyish etildi.
Ochiq osmon ostida boʻlib oʻtgan bayram dasturida eng avvalo, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor qidiruv xizmati tomonidan otaliqqa olingan yoshlar, ichki ishlar organlariga biriktirilgan yoshlar, voha aholisi hamda konsert dasturiga tashrif buyurganlarga viloyat IIB xodimlari tomonidan kiber jinoyatlar qurboniga aylanib qolmaslik xususida muhim va kerakli maʼlumotlar berildi.
Bir soʻz bilan aytganda, aholining kibermadaniyatini yuksaltirish, har qanday chaqiriq, aldovlarga ishonmaslikka chaqirildi.
Keyingi navbat qiziqarli oʻyinlar, savol-javob shartlariga berildi va faol ishtirok etganlar IIB tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Konsert dasturi davomida, viloyatimizda faoliyat yuritayotgan elimiz ardogʻidagi sanʼatkorlar tomonidan yangragan kuy-qoʻshiqlar yigʻilganlarga bayramona kayfiyat uygʻotdi.
Bu kabi tadbirlarning tashkil etilishi, aholiga madaniy hordiq bagʻishlash bilan bir qatorda, ularda kibermadaniyatni shakllantirishga ham xizmat qilgan boʻlsa, ajab emas.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati