Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi. Maqsad — «Raqamli immunitet»ni shakllantirish
2024-07-11 03:00:00 / Yangiliklar
![Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi. Maqsad — «Raqamli immunitet»ni shakllantirish](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fapi-portal.gov.uz%2Fuploads%2F93f620b8-dee6-3db2-1f9c-c8e0f7c5c91d_lists_slider_.jpg&w=3840&q=75)
Kibersport - ikki odam yoki jamoa oʻrtasidagi intellektual bahs. Musobaqada barcha harakatlar boshqa sport turlaridagi kabi gʻalabaga erishishga qaratilgan boʻlib, aqliy qobiliyatni rivojlantirishga, tez fikrlashga, mantiqiy bogʻliqlikni koʻrishga, sergak boʻlishga, diqqatni jamlashga oʻrgatadi.
Samarqand viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlar oʻrtasida tashkil etilgan kibersport musobaqasida barcha shahar-tuman IIB jamoalari ishtirok etdi.
- Bugun musobaqada qatnashish asnosida bir-birimiz bilan fikrlashib, bilimlarimizni yanada boyitdik, — deydi Kattaqoʻrgʻon tumani IIB Tezkor-qidiruv xizmati Terrorizmga qarshi kurashish boʻlinmasi tezkor vakili, leytenant Boqijon Abdullayev. — Internet firibgarlari chuv tushirishning yangidan-yangi yoʻllari va usullarini oʻylab topayotgan hozirgi vaqtda bu kabi tadbirlar «raqamli immunitet»ni shakllantirishda ayni muddao boʻladi.
Xodimlar oʻrtasida bunday tadbirlarning oʻtkazilishi ularni axborot texnologiyalari, IT industriya uchun salohiyatli kadrlar sifatida tayyorlash, bevosita xizmat jarayonida axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan unumli foydalanishlarida muhim omildir.
Musobaqa yakunida faxrli birinchi oʻringa viloyat IIB JXX JTSB PPXB jamoasi, ikkinchi oʻringa Samarqand tumani IIB jamoasi, uchinchi oʻringa Tayloq tumani IIB jamoasi loyiq topildi. Gʻoliblarga diplom, medal hamda qimmatbaho esdalik sovgʻalari topshirildi.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA, oʻz muxbirimiz.
Samarqand viloyati.