Buxoro viloyati IIB boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov ishtirokida xizmat oldi yoʻriqnoma oʻtkazildi
2024-07-05 09:00:00 / Yangiliklar
Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov oʻziga biriktirilgan Gʻijduvon tumanida «Xavfsiz hudud» keng qamrovli profilaktik tadbirlariga jalb etilgan kuch vositalar ishtirokida tonggi xizmat oldi Yoʻriqnomasini oʻtkazdi
Avval xabar berganimizdek, davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan Buxoro viloyatining Gʻijduvon tumanida mavjud tizimli muammolar, aholining murojaatlarini hal etish, ishsiz fuqarolarning bandligini taʼminlash orqali mahallalarni ishsizlik va jinoyatdan holi hududga aylantirish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, shuningdek, tumanni ijtimoiy iqtisodiy jihatdan rivojlantirish borasidagi manzilli ishlarni izchil olib borishga Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi masʼul etib biriktirildi.
Topshiriq asosida ishlab chiqilgan qoʻshma farmoyish asosida boshqarma boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov boshchiligida huquq-tartibot organlari va boshqa taalluqli mutasaddi idoralarning masʼul xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan bir qator manzilli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, tumanda kambagʻallikni qisqartirish, ishsizlikni kamaytirish, migratsiyada yurib qiynalgan fuqarolarni qaytarish va ularni ish bilan taʼminlash, migratsiyadan yurgan fuqarolarning oila aʼzolari, sudlarda nizolashayotgan yoki nizoli oila sifatida profilaktik hisobga olingan oilalar bilan manzilli ishlash, mahallalarni raqamlashtirib, zamonaviy videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash va hududiy profilaktika inspektorining xizmat xonasi hamda ichki ishlar boshqarmasiga integratsiya qilish, bunda mahalla yettilik vakillarining ish samaradorligini oshirish uchun ularning bilim saviyasini, ishga boʻlgan munosabatini oʻzgartirish, barcha xodimlar, fuqarolar ayniqsa yoshlarni Vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kundalik ish faoliyatlari ustidan idoraviy nazoratni kuchaytirish borasida manzilli ishlar olib borilmoqda.
Tumanning 75 ta mahallalariga viloyat Ichki ishlar boshqarmasi sohaviy xizmat rahbarlari va malakali ofitser xodimlari biriktirilgan holda shu va boshqa bir qator tezkor profilaktik tadbirlarning olib borilishi, kunlik nazorat tizimining qay tartibda tashkillashtirilganligini koʻzdan kechirish hamda bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlarning natijalarini muhokama qilish maqsadida, bugun viloyat IIB boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov Gʻijduvon tumanida boʻlib, «Xavfsiz hudud» keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlariga jalb etilgan kuch vositalar ishtirokida navbatdagi kengaytirilgan xizmat oldi Yoʻriqnomasini oʻtkazdi.
Jarayonda mazkur tadbir doirasida shakllantirilgan guruhlar va masʼul rahbarlarning dastlabki ish natijalari tahlil qilinib, tezkor profilaktik hamda ijtimoiy profilaktik tadbirlarni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, ish samaradorligini oshirish, har bir mahallalar, ulardagi xonadonlarni, «qizil», «sariq» «yashil» toifalarga ajratgan holda ishni tashkil etish yuzasidan oʻzining bir qator tavsiyalarini bildirib, monitoring guruhi va masʼul rahbarlarga bir qator koʻrsatma va topshiriqlar berdi.
«Xavfsiz hudud» keng qamrovli tezkor hamda profilaktik tadbirlari viloyatning boshqa barcha shahar va tumanlarida ham izchillik bilan davom ettirilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati