IIV Taʼlim muassasalarida. Oldinda oydin orzular
2024-07-05 08:10:00 / Yangiliklar

IIV Namangan akademik litseyida qabul jarayonlari allaqachon boshlangan. Oʻqishga 9-sinfni tamomlaganligi toʻgʻrisidagi shahodatnomaga ega boʻlgan, sogʻligʻi jihatidan oʻqishga yaroqli deb topilgan, dastlabki, maxsus-professional tanlov va test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan nomzodlar qabul qilinadi. 2024—2025-oʻquv yili uchun 2086 nafar nomzod murojaat qilgan. Individual-psixologik xususiyatlarini oʻrganish natijalari yakuni boʻyicha oʻtkazilgan tanlovlardan 1131 nafar nomzod maxsus-professional tanlov sinovlariga, 824 nafari esa test sinovlarini topshirishga qoʻyildi.
Maxsus-professional tanlov 3 bosqichda boʻlib oʻtdi va har bir bosqich 5 ballik tizimda baholandi. Shuningdek, nomzodning savodxonlik, jismoniy tayyorgarlik darajasi ham aniqlandi. Yakka tartibdagi yakuniy suhbat tarix, ona tili va adabiyot, huquqshunoslik yoki tarbiya fanlaridan boʻlib oʻtdi. Endilikda nomzodlar oldida eng soʻnggi bosqich — yakuniy test sinovlari turibdi. Test sinovlari belgilangan tartib asosida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi belgilagan muddatlarda boʻlib oʻtadi.
Litseyga 200 nafar oʻquvchi qabul qilinadi. Shundan 10 foizini qizlar tashkil etadi.
Oʻtgan oʻquv yilida 177 nafar oʻquvchi akademik litseyni tamomlab, ularning 153 nafari OTMga oʻqishga kirdi, shulardan 32 nafari IIV Akademiyasiga, 1 nafardan DXX Akademiyasiga va Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga, 6 nafari Jamoat xavfsizligi universitetiga qabul qilindi.
Toshkent davlat yuridik universitetiga 1 nafar, fuqarolik oliy taʼlim muassasalariga 36 nafar, xususiy OTMga 65 nafar, chet davlatlarga oʻqishga kirganlar 11 nafarni tashkil etdi. Shuningdek, 4 nafar bitiruvchi iqtisodiy va xususiy sektorlarga ishga kirgan. 4 nafar oʻquvchi harbiy xizmatni oʻtamoqda. Bandligi taʼminlanmagan 20 nafar bitiruvchining ota-onalari bilan suhbatlar oʻtkazilib, litseydagi oʻquv tayyorlov markaziga jalb etildi.
Joriy oʻquv yilini tamomlagan oʻquvchilarimiz ayni paytda oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun tayyorgarlik koʻrmoqda.
Ilhomjon BURXONOV, IIV Namangan akademik litseyi direktori, podpolkovnik.