Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tungi vaqtda poytaxtimizning Olmazor va Shayxontohur tumanlarida oʻrganish ishlarini olib bordi
2024-07-02 11:00:00 / Yangiliklar
Davlatimiz rahbari tomonidan hududlarda kriminogen vaziyatni yaxshilash hamda mahallalarda osoyishtalikni saqlash boʻyicha belgilangan vazifalarni amaliy ijrosini taʼminlash maqsadida Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tungi vaqtda poytaxtimizning Olmazor va Shayxontohur tumanlarida oʻrganish ishlarini olib bordi.
Ichki ishlar vaziri rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent shahrining Olmazor va Shayxontohur tumanlarida ichki ishlar boʻlimlari shaxsiy tarkibi tomonidan jamoatchilik bilan hamkorlikda tungi vaqtlarda tashkil etilayotgan ishlar va hududlarda amalga tatbiq etilayotgan xavfsizlik choralari tizimli ravishda oʻrganish davom etmoqda.
Tadbir davomida Olmazor tumani «Chilturgʻon» mahallasida joylashgan «Rivera Mall» savdo-koʻngilochar majmuasida xizmatni tashkil etish, fuqarolar xavfsizligini qay darajada taʼminlanganligi hamda majmuada aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar oʻrganildi.
Majmuaga xavfsizlikni taʼminlashga jalb qilingan xodimlarning axborotlari tinglandi, xodimlarning huquqbuzarliklarni oldini olish boʻyicha tezkor shaylik holati nazorat tariqasida tekshirildi, shuningdek huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda xizmatni tashkillashtirish borasida tegishli koʻrsatmalar berildi.
Oʻrganishlar davomida tumanning «Qichqiriq» mahallasida tashkil etilgan ishlar bilan tanishildi. Jarayonda, mahallada amalga oshirilayotgan ishlarning amaliy natijalari namoyish etildi.
Amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar natijasida mahalla hududida jinoyatlar soni qariyb ikki barobar kamaygani, ishchi guruh tomonidan alohida eʼtirof etildi. Mahalla aholisi va yoshlarning kitobxonlik savodini oshirish maqsadida mahalla idorasi kutubxonasiga, mavjud fondga qoʻshimcha ravishda, Olmazor tumani hokimi nomidan ming dona kitoblar sovgʻa qilinishi rejalashtirildi.
Oʻrganish jarayonida «Qichqiriq» mahallasining oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, muammolar mahallani oʻzida yechishga alohida eʼtibor berilayotganligi, boshqa tumanlardagi mahallalarga ham namuna tarzida tatbiq etish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek mahalla profilaktika inspektorlari kapitan Jamshid Abdulboqiyev va leytenant Otabek Abdullayevlarni namunali xizmatlari uchun hamda «Yoshlar kuni» munosabati bilan Toshkent shahar IIBB rahbari nomidan ragʻbatlantirish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Tadbir davomida ishchi guruh «Chigʻatoy darboza» mahallasida tashkil etilayotgan 24/7 formatida xizmat koʻrsatish, turistik va gastronomik koʻcha loyihasi bilan tanishdilar.
Bu yerda mutasaddilar mahalliy aholi bilan muloqot qilib ularning kelajakdagi rejalari, muammolari hamda amalga oshirilishi boshlangan loyihadan kutilayotgan ijobiy natijalari haqida suhbatlashdilar.
Shuningdek, oʻrganishlar jarayonida ishchi guruh tomonidan Shayxontohur tumani «Oʻrda» mahallasi, Б.Зокиров koʻchasida qad rostlagan Toshkent shahar Favqulodda vaziyat boshqarmasi Yongʻin qutqaruv otryadining tezkor xizmat faoliyati va jangovar shayligi oʻrganildi.
Tadbir jarayonida, aniqlangan barcha kamchiliklar tanqidiy muhokama qilinib, kelgusida xizmat faoliyatini takomillashtirishga oid maqsadli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Ishchi guruh aʼzolarining oʻrganish ishlari poytaxtimizning boshqa tumanlarida ham davom etmoqda.