IIV Akademiyasi kursantlari Xitoy tajribasini oʻrgandi
2024-06-30 13:00:00 / Yangiliklar
Xalqaro oʻquv kursi Xitoy Xalq Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti hamda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumiga binoan tashkil qilindi.
Dasturga asosan, universitet oʻquv bazasida interfaol darslar, tajriba almashuv mashgʻulotlari tashkil qilindi. Malakali mutaxassislar tomonidan Xitoy politsiya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohaga joriy qilinayotgan innovatsion yondashuvlar, politsiya tuzilmalarining vazifasi va faoliyat yoʻnalishlari haqida maʼlumot berildi. Bundan tashqari, kursantlarimiz Pekin shahrining diqqatga sazovor joylarida boʻlib, mamlakat tarixi va milliy madaniyati bilan yaqindan tanishdilar.
Oʻquv kurslari yakunida tinglovchilarga sertifikat topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston va Xitoy munosabatlari strategik darajada ravnaq topayotgani, ikki mamlakatning turdosh oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik aloqalari zamonaviy tajribalarni oʻrganish va ommalashtirish uchun keng yoʻl ochayotgani eʼtirof etildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati