Toshkent shahar IIBB: Til bilgan el bilar
2024-06-30 10:55:00 / Yangiliklar

Humoyun Mirzatillayev Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi huquqni muhofaza qilish Akademiyasini 2023-yilda muvaffaqiyatli tugatib, Toshkent shahar IIBB Yashnobod tumani IIO FMBda profilaktika inspektori lavozimida ish boshladi. Otasi Otabek Satimbayevning ham ichki ishlarda faoliyat yuritishi sabab unga xizmat koʻnikmalarini egallash qiyin kechmadi. Yosh leytenantning tirishqoqligi, ishga sidqidildan yondashishi rahbariyat eʼtiboridan chetda qolmadi. Koʻp fursat oʻtmay, u poytaxt IIBB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi profilaktika inspektorligiga taklif qilindi. Ingliz, rus va turk tillarida bemalol soʻzlashuvi unga xorijiy sayyohlar bilan ishlashda juda qoʻl keldi.
– Yurtimizga tashrif buyurgan sayyohlar, mehnat shartnomalari asosida ishlovchi xorijliklar bilan ham baʼzan anglashilmovchiliklar yuz berib turadi. Xuddi shunday hodisa hindistonlik bir necha mehmonlar bilan yuz berdi. Ular pasportlarini yoʻqotib qoʻyishib, ichki ishlarga murojaat qilishdi, – deydi leytenant Humoyun Mirzatillayev. – Ularning safar yoʻllarida qidiruv ishlari natija bermadi. Mehmonlarning vataniga qaytish muhlatlari esa yaqinlashib borardi. Mahalliy profilaktika inspektori, tegishli idoralar bilan hamkorlikda ularga yangi hujjatlar rasmiylashtirilib, vatanlariga qaytarishga muvaffaq boʻlindi.
Yoki Turkiya davlati fuqarosi bilan boʻlgan voqea ham yozishga arzigulikdir. Oʻzbekistonda faoliyat yurituvchi Turkiya kompaniyasining ishchisi boʻlgan Bilol oʻz ish haqini ololmay ichki ishlarga murojaat qildi. Ichki ishlar idoralari tomonidan tegishli idoralarga murojaatlari natijasida ish beruvchidan toʻliq ish haqini oldi.
Humoyunning ish tajribasida sayyohlarning adashib qolishi, buyumlarini unutib qoldirishi, biror xizmat koʻrsatilishidan norozilik bildirishi kabi voqealar uchrab turadi. Ularni qonun doirasida hal qilish, yurtimizning goʻzal maskanlarini erkin tomosha qilish, osori-atiqalarimiz bilan tanishib, Oʻzbekistonimiz haqida iliq va yoqimli xotiralar bilan vatanlariga qaytishida poytaxt IIBB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlarining hissasi katta. Ana shu hissaning kichik boʻlagida boshqarmaning yosh xodimi, leytenant Humoyun Mirzatillayevning ham ulushi borligi quvonarlidir.
Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati