Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov Kogon tumanida sayyor qabul oʻtkazdi
2024-06-29 06:25:00 / Yangiliklar

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amaliyotga joriy etilgan aholi bilan doimiy muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali mexanizmi bugun markazdan tortib olis qishlogʻu ovullarda yashayotgan yurtdoshlarimizning yillar davomida toʻplanib qolgan muammolari yechimiga xizmat qilmoqda.
Xabaringiz bor, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov hududlarda boʻlib, bevosita holining mavjud muammolarini oʻrganish, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazmoqda.
Boshqarma boshligʻi boshchiligida navbatdagi sayyor qabul Kogon tumanining Kogon mahallasi aholisi bilan oʻtkazildi.
Dastlab, boshqarma boshligʻi boshchiligida mahalla hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga yechim topish borasida mahalla «yettiligi» tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar masʼullari ishtirokida oʻtkazilgan yuzma-yuz ochiq muloqotda 15 dan ortiq fuqarolarning 20 ga yaqin turli masalalardagi murojaatlari birma bir koʻrib chiqildi.
Jumladan, ish bilan taʼminlash, moddiy yordam, tadbirkorlikni kengaytirishda amaliy yordam berish, subsidiya asosida tikuv mashinasi hamda motokultivator olishda koʻmaklashish borasidagi masalalar koʻtarildi.
Murojaatlarning aksariyati shu kunning oʻzida hal etildi.
Jumladan, 13 nafar ayollarga subsidiya asosida tikuv mashinalari olib berilgan boʻlsa, 2 nafar fuqaroga motokultivator taqdim etildi.
Shu bilan birga shu kuni, 16 yoshga toʻlgan, birinchi marta fuqarolik pasporti olayotgan Rayxona Jumayevaga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi ID-kartasi tantanali ravishda topshirildi.
Qoʻshimcha oʻrganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun muddat talab qilgan murojaatlar yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilanib, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlariga bajarish muddatlari aniq belgilangan koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Qabuldan soʻng boshqarma boshligʻi mahallada «xonadonbay« tizimi asosida oʻrganishlar olib bordi.
Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Obid Hakimovning xonadonida boʻlgan boshqarma boshligʻi boshchiligidagi masʼullar tomonidan xonadon egasining asalarichilik, tovuqchilik, limonchilik va chorvachilik borasidagi oilaviy tadbirkorlik faoliyati oʻrganildi.
Mazkur mahallada yashovchi Kamola Toyirova tikuvchilik faoliyatini tashkil qilgan. U bugungi kunda mahalladagi ishsiz ayollarni ish bilan taʼminlamoqda. Ushbu tikuv sexi faoliyatini oʻrgangan boshqarma boshligʻi masʼullarga tadbirkorning faoliyatini kengaytirishda va bu orqali orqali mahalladagi ayollar bandligini taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Albatta, bu kabi sayyor qabullarni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo inson huquq hamda manfaatlarini taʼminlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati