Surxondaryo viloyati IIBda 27-iyun – «Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni» hamda 30-iyun — «Yoshlar kuni» munosabati bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
2024-06-28 17:55:00 / Yangiliklar
Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasida 27-iyun – «Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni» hamda 30-iyun –«Yoshlar kuni» munosabati bilan bayram tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda viloyat IIB boshligʻi polkovnik Timur Ismailov viloyat Ichki ishlar organlarida xizmat olib borayotgan yosh xodimlar va vohadagi bir guruh matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida, boshqarma boshligʻi barcha ommaviy axborot vositalari hamda viloyat IIOda xizmat olib borayotgan yosh xodimlarni bayram bilan tabriklab, ularga yoʻllangan Prezident tabrigini oʻqib eshittirdi hamda bugun mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarga qoʻshayotgan hissalari qatori, jinoyat va huquqbuzarliklar profilaktikasi borasida amalga oshirilayotgan ishlar eʼtirofga munosib ekanligini, Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Haqiqatan ham har qanday murakkab sharoitda ham adolat tamoyiliga, oʻzining hayotiy va ijodiy prinsiplariga sodiq qolish, odamlarni qiynayotgan kamchilik va muammolarni dadillik bilan koʻtarib chiqish, ularni bartaraf etish uchun jamoatchilik fikrini shakllantirishga, avvalo, sizlar kabi maʼnaviy jasorat egalarigina qodir boʻladi», – deya bildirgan fikrlari Siz qalam ahliga boʻlgan yuksak eʼtiborning ifodasidir deya taʼkidladi.
Tadbir soʻngida, boshqarma boshligʻining joriy yil 25-iyun kunidagi tegishli buyrugʻiga asosan, bir guruh matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillari, boshqarma axborot xizmati xodimlari hamda xizmat vazifasini bajarish davomida hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelayotgan yosh xodimlarga tashakkurnoma hamda bir martalik pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi.
Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati