audio

    0+
    Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan tungi vaqtda poytaxtimizning Shayxontohur va Olmazor tumanlarida aholi osoyishtaligini taʼminlash boʻyicha olib borilayotgan ishlar oʻrganildi

    Davlatimiz rahbari tomonidan hududlarda kriminogen vaziyatni yaxshilash hamda mahallalarda osoyishtalikni saqlash boʻyicha belgilangan vazifalarni amaliy ijrosini taʼminlash maqsadida mamlakatimizning barcha shahar-tumanlarida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh tungi vaqtda poytaxtimizning Shayxontohur va Olmazor tumanlarida oʻrganish ishlarini olib bordi.

    Oʻrganishlar davomida asosiy eʼtibor aholi govjum yirik savdo markazlari, istirohat bogʻlarida fuqarolarimiz xavfsizligini taʼminlash hamda yoʻl infratuzilmasini yaxshilash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga qaratildi.

    Shayxontohur tumani «Jangoh» mahallasi hududida joylashgan «Korzinka» savdo majmuasida aholi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, xavfsizlik choralari hamda oziq-ovqat mahsulotlarining narx-navosi bilan tanishildi.

    Bundan tashqari, savdo majmuasi rahbariyatiga huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirish hamda narx-navolarni asossiz ravishda oshirmaslik boʻyicha tegishli tavsiyalar berildi.

    Shuningdek, yoʻllarda xavfsiz harakatlanishni taʼminlash, yoʻl transport hodisalarini oldini olish, qoʻpol qoidabuzarlik hamda qonunga xilof xatti-harakatlarga chek qoʻyish maqsadida tashkil etilgan «Hamkor» guruhlari faoliyati oʻrganildi.

    Olmazor tumanida joylashgan “Riviera Mall” savdo-koʻngilochar majmuasida atrofida xizmat olib borayotgan “Hamkor-12” guruhi faoliyati samaradorligi tahlil qilindi. Xizmatga jalb etilgan kuch vositalar koʻzdan kechirilib, xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi boʻyicha xodimlar bilan suhbat oʻtkazildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «2022-2026-yillar davomida amalga oshirilishi moʻljallangan «Xavfsiz va ravon yoʻl» umummilliy dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qarori ijrosini oʻrganish maqsadida Olmazor tumani Nurafshon koʻchasida yoʻl chiziqlarini chizish jarayoni bilan tanishdi.

    Masʼullar bilan yoʻl chiziqlarini sifatli darajada chizilishi boʻyicha qator fikrlar almashinib, tegishli koʻrsatmalar berdi.

    Dastur doirasida, poytaxtimizning barcha tumanlarida avtomobil yoʻllari infratuzilmasini kompleks takomillashtirish, yotiq yoʻl chiziqlari hamda piyodalar oʻtish joylarida yoʻl belgilarini yangilash va qoʻshimcha belgilar oʻrnatish, barcha harakat ishtirokchilari uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan ishlar hamda yoʻllarda qatnovchi transport vositalarining texnik holati ustidan nazoratni kuchaytirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    Oʻrganishlar davomida Shayxontohur va Olmazor tumanlarida joylashgan tungi vaqtda aholiga xizmat koʻrsatuvchi savdo majmualari hamda istirohat bogʻlarida yaratilgan sharoitlar, xavfsizlik chora-tadbirlari koʻzdan kechirildi.

    Jumladan, Shayxontohur tumani «Labzak» mahallasida joylashgan «Anhor boʻyi» istirohat bogʻida aholiga yaratilgan shart-sharoitlar, xavfsizlik choralari bilan tanishildi. Shu yerning oʻzida jamoat tartibini saqlash hamda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha masʼullarga qoʻshimcha topshiriq va koʻrsatmalar berdi.

    Ishchi guruh aʼzolarining oʻrganish ishlari poytaxtimizning boshqa tumanlarida ham davom etmoqda.

    IIV Axborot xizmat

    • view_icon 220
    : 2024-06-20 14:58:35