Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov Kogon shahrining "Adolat" mahallasida sayyor qabul oʻtkazdi
2024-06-14 10:00:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov hududlarda boʻlib, bevosita aholining mavjud muammolarini oʻrganish, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida yuzma-yuz muloqotlar oʻtkazmoqda.
Boshqarma boshligʻining navbatdagi sayyor qabuli Kogon shahrining Adolat mahallasi aholisi bilan oʻtkazildi.
Viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, taalluqli idoralar masʼullari ishtirokida oʻtkazilgan ochiq muloqotda 15 ga yaqin fuqarolarning 20 dan ortiq turli masalalardagi murojaatlari birma bir koʻrib chiqildi.
Bunda, sud huquq masalalari, ichki ishlar organlari va 3-sektor faoliyati, shu jumladan aholini doimiy ish bilan taʼminlash, tadbirkorlikni kengaytirishda amaliy yordam berish, yaroqsiz sim yogʻochlarni yangilash, ichki yoʻllarni taʼmirlash, tungi yoritish chiroqlari oʻrnatish masalalari koʻtarildi.
Murojaatlarning aksariyati shu kunning oʻzida ijobiy hal etildi.
Jumladan, Adolat mahallasida yashovchi Oʻtkir Mansurovga Jinoyat ishlari boʻyicha Qorakoʻl tuman sudi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan 2-yil oylik ish haqqining 15 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi qabulida boʻlgan Oʻtkir Mansurov qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, muddatidan oldin jazodan ozod qilinishni soʻrab murojaat qildi.
Boshqarma boshligʻi tegishli masʼullar ishtirokida uning murojaatini oʻrganib chiqib, uning qilgan ishidan chin dildan pushaymonligi, qatʼiyan tuzalish yoʻliga oʻtganligi, oʻrnatilgan tartiblarga rioya qilib kelayotganligini inobatga olgan holda unga tayinlangan jazodan muddatidan oldin ozod qilish yuzasidan sudga taqdimnoma kiritish borasida masʼullarga tegishli topshiriqlar berdi.
«Kumush piramida» MCHJ rahbari Dilorom Ergasheva bir necha yildan beri Gidroponika usulida tashkil qilingan issiqxonada qulupnay yetishtirish bilan shugʻullanadi.
U faoliyatini kengaytirish maqsadida ekanligini bildirib, kredit olishda amaliy yordam soʻrab murojaat qildi.
Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov ushbu fuqaroning murojaatini sektor rahbarlari, bank xodimlari hamda mahalla vakillari ishtirokida joyida borib oʻrgandi.
Tadbirkorning 6 sotix maydonda tashkil qilgan issiqxonasi bilan tanishib, uning faoliyatini kengaytirishda amaliy yordam koʻrsatish, kredit mablagʻlarini tezroq ajratish, shuningdek, kooperatsiya tashkil qilib ushbu tadbirkor tajribasini mahalladagi boshqa aholi xonadonlarida ham keng joriy etgan holda, hudud aholisini qoʻshimcha ish, daromad manbai bilan taʼminlash zarurligi borasida masʼullarga manzilli topshiriqlar berdi.
Albatta, bu kabi sayyor qabullarni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo inson huquq hamda manfaatlarini taʼminlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoit yaratishdan iboratdir.
Boshqarma boshligʻining bu kabi shaxsiy hamda sayyor qabullari tasdiqlangan grafik asosida navbati bilan barcha shahar va tumanlarda davom ettiriladi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati