Namangan viloyati IIB boshligʻi polkovnik Shuxrat Aliyev huzurida viloyat ichki ishlar organlarining besh oylik ish faoliyati yakuniga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi
2024-06-11 09:00:00 / Yangiliklar

Namangan viloyati IIB boshligʻi polkovnik Shuxrat Aliyev rahbarligida videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda boshqarma boshligʻi oʻrinbosarlari, sohaviy xizmat rahbarlari, hududlarga boshqarmadan biriktirilgan xodimlar, shuningdek, shahar-tuman IIB rahbariyati ishtirok etib, besh oy davomida viloyat hududi boʻylab jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishdagi amalga oshirilgan ishlar, mavhum holda sodir etilgan jinoyatlarni fosh etish hamda qidiruvda boʻlgan shaxslarni ushlash ahvoli, jinoyatlarni tergov qilish sifati, shuningdek, tashqi migratsiyada boʻlgan fuqarolar bilan ishlash masalalari tanqidiy ruhda muhokama qilindi.
Yigʻilishda dastlab, masʼul rahbarlarning bu boradagi erishilgan ijobiy natijalari, shu bilan birga, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar yuzasidan axborotlari tinglandi va jinoyatlarning sezilarli darajada oshgan turlari boʻyicha kamchiliklarga yoʻl qoʻygan rahbar hamda xodimlar keskin intizomiy taʼsir chorasi qoʻllash boʻyicha qatʼiy ogohlantirildi.
Shundan soʻng, jinoyatchilikning oldini olishda aholi bandligini taʼminlash, voyaga yetmaganlar, yoshlar, ayollar bilan alohida tartibda ishlash, ayniqsa, migratsiyada boʻlgan va qaytib kelgan fuqarolarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Shuningdek, boshqarma boshligʻi tomonidan davlatimiz rahbarining joriy yilning 7- iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Muvofiqlashtirish va monitoring qilish markaziga tashrifi chogʻida bergan topshirigʻi ijrosini taʼminlash maqsadida sohaga ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash orqali mahallalarni «Raqamli xavfsiz mahalla»ga aylantirish, kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni takomillashtirish, xodimlarini esa yuqori texnologiyalar bilan ishlash darajasini yaxshilash boʻyicha masʼul rahbarlar zimmasiga tegishli vazifalar yuklatildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati