Jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimi koʻzdan kechirildi
2024-06-07 16:45:00 / Yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-iyun kuni Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamentining Muvofiqlashtirish va monitoring qilish markazini borib koʻrdi.
Bu markaz Oʻzbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligini taʼminlash tizimini rivojlantirish strategiyasi doirasida tashkil etilgan. Majmua mukammal taʼmirlanib va zamonaviy jihozlanib, shu yil martda ishga tushirilgan.
Markaz jamoat xavfsizligi jarayonlarini qamrab olgan yagona axborot makonidir. Bu yerda joylardagi vaziyat va xodimlarning ish-harakati raqamli texnologiyalar orqali tahlil qilib boriladi. Xususan, 10 mingdan ortiq profilaktika inspektorlarining faoliyati 6 ta yoʻnalish boʻyicha nazorat qilinadi va baholanadi.
Bunda «Ye-Jamoat xavfsizligi», «Ye-Ijtimoiy vaziyat» kabi dasturlar, yoʻl harakati xavfsizligi, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat tartibini saqlash xizmatlarining yagona axborot tizimlari hamda 6 mingdan ziyod «aqlli» kuzatuv kameralari integratsiyasi qoʻl kelmoqda. Shuningdek, markazda videoaloqa orqali profilaktika inspektorlari, yoʻl patrul, post patrul va probatsiya xodimlari uchun masofaviy oʻquvlar oʻtkaziladi. Ommaviy tadbirlarni modellashtirish orqali nostandart vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qilish va tezkor choralar koʻrish oʻrgatiladi.
Davlatimiz rahbari bu masalaga alohida eʼtibor qaratib, soha xodimlari yuqori texnologiyalarni yaxshi bilishi lozimligini taʼkidladi.
Bugungi kunda barcha sohalarda sunʼiy intellektning oʻrni kengayib bormoqda. Insonlarga qulaylik yaratadigan dasturlar bilan birga kiberjinoyatchilik, firibgarlik usullari ham koʻpaymoqda. Bunday jinoyatlarning oldini olish, aniqlash va fosh etish uchun ichki ishlar xodimi undanda ilgʻor, ziyrak boʻlishi kerak.
Shu bois markazdagi uchrashuvga huquq-tartibot idoralari huzuridagi oliy oʻquv yurtlari rektorlari taklif etildi. Ulardagi oʻquv dasturlarini shu nuqtai nazardan takomillashtirish, dual taʼlim tizimini joriy etish, darslar va ilmiy ishlarning hayot bilan hamnafasligini taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.
Ichki ishlar vazirligida uchuvchisiz qurilmalarni qoʻllash boʻyicha tuzilma tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Jinoyatchilik profilaktikasini kuchaytirish, ommaviy tadbirlar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha topshiriqlar berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan jamoat xavfsizligi boʻyicha strategiyada 2025-yil yakuniga qadar tizimni raqamlashtirishni 90 foizga yetkazish belgilangan. Tashrif chogʻida davlatimiz rahbariga shu borada axborot berildi.
Bu jarayon uch bosqichda amalga oshirilmoqda.
Birinchi bosqichda muammolar oʻrganilib, ikkinchisida shu asosida mutaxassislar va dasturlar tayyorlandi. Jumladan, 66 ta axborot tizimi va modullari ishlab чиқилди.Уларга vazirlik va idoralarning 77 ta hamda Ichki ishlar vazirligining 25 ta axborot tizimi integratsiya qilindi. Jamoat xavfsizligi boʻlinmalari xodimlari 18 mingdan ziyod planshetlar bilan taʼminlandi hamda raqamli qurilmalardan samarali foydalanish boʻyicha oʻqitildi.
Natijada 155 ta hisobot, 37 ta ish yuritish sohasi, yuzga yaqin qaydnoma va yigʻma materiallar raqamlashtirilgan. Buning hisobiga 213 milliard soʻm tejalishiga erishilgan.
Endi, uchinchi bosqichda Maʼlumotlarni qayta ishlash markazi tashkil etib, sohaga sunʼiy intellektni keng joriy qilish, uskunalarni mahalliylashtirish kabi maqsadlar qoʻyilgan.
Shu yerda ichki ishlar tizimida qoʻllanilayotgan zamonaviy texnika va anjomlar namoyish qilindi.