Sohaviy xizmatlarda. Barchasi elektron tarzda
2024-06-05 22:00:00 / Yangiliklar
Toshkent shahar IIBB YHXB 2-tumanlararo roʻyxatdan oʻtkazish va imtihon olish boʻlinmasi Chilonzor va Uchtepa tumani aholisiga xizmat koʻrsatadi.
Boʻlinmaga murojaat bilan kelayotgan fuqarolar oʻz vaqtida va hech qanday qiyinchiliksiz muammolarini hal qilib ketishmoqda. Barcha amaliyotlar elektron tizim orqali bajarilgani bois har bir ariza sifatli va bekamu koʻst hal etilishi taʼminlanmoqda.
Joriy yil boshidan buyon 45000 dan ortiq transport vositalarini roʻyxatlash, qayta roʻyxatlash hamda qayta jihozlash boʻyicha xizmat koʻrsatildi, — deydi boʻlinma boshligʻi, leytenant Sardor Sidiqov. — Boʻlinmada xizmat koʻrsatish maxsus moslamalar yordamida avtomatlashtirilgan tizim orqali amalga oshiriladi.
Xususan, davlat raqam belgilari avtomatik ravishda navbat bilan beriladi. Maʼlumotlar planshet moslamasiga kiritilib, elektron tarzda shakllantiriladi.
Shuningdek, nogironligi bor, imkoniyati cheklangan murojaatchilar navbatsiz qabul qilinishi yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻz ishiga masʼuliyat bilan yondashib, har bir hujjatni sinchiklab oʻrganayotgan, avtomashinalar texnik koʻrigiga jiddiy eʼtibor bergan holda, xizmat olib borayotgan xodimlarimizdan katta inspektor, katta serjant Sarvar Oʻroqov, inspektorlar -serjantlar Sharifjon Xayrullayev, Oybek Ahmadov hamda kichik serjant Nodir Tillayev nomlarini alohida qayd etib oʻtish joiz.
Boʻlinmaga avtomashina hujjatlari hamda davlat raqam belgilarining tushib qolishi yoki yaroqsiz holga kelib qolishi yuzasidan ham murojaatlar boʻlib turadi.
Shunday paytlarda fuqarolarga ehtiyot bolishlari, loqaydlik va eʼtiborsizlik salbiy oqibatlarga olib kelishi yuzasidan tushuntirish ishlari olib boriladi.
Shuningdek, YPX inspektorlari tomonidan poytaxtimizdagi YPX maskanlarida va boshqa joylarda transport vositalarining davlat raqamlari qoidalarda koʻrsatilganidek qotirilmagan boʻlsa, maxsus moslamalar yordamida qotirish ishlari ham olib boriladiki, bu turli noxush holatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, yoʻl harakati qoidalariga koʻra, davlat roʻyxatlash raqam belgilari koʻrinmaydigan, qalbakilashtirilgan, oʻzgartirilgan boʻlsa, transport vositalaridan foydalanish taqiqlanishi belgilab qoʻyilgan.
Qonunchilikka binoan, davlat raqam belgilarini koʻrish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga toʻsqinlik qiladigan turli ashyolar oʻrnatish va qoplama surtish holatlari aniqlansa, bu qurilmalar musodara qilinib, fuqarolarga jarima qoʻllashga sabab boʻladi.
Shunday ekan, transport vositangiz, uning hujjatlari va jihozlariga jiddiy eʼtibor qaratib, ularni ehtiyot qiling. Shundagina xotirjam va xavfsiz boʻlasiz.
©️ «Postda» gazetasi, Sarvar Sobirov, Toshkent shahri.