IIV Akademiyasida BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi huzuridagi Aksilterror markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida tadbir oʻtkazildi
2024-06-05 10:00:00 / Yangiliklar
«Inson huquqlarini himoya qilgan holda terrorizm maqsadlarida yangi texnologiyalardan foydalanishga qarshi kurashish boʻyicha milliy aksilterror siyosati va tezkor javob choralarini ishlab chiqish» mavzusiga bagʻishlangan tadbir Yevropa Ittifoqi koʻmagi bilan BMTning Kiberxavfsizlik va yangi texnologiyalar boʻyicha global dasturi doirasida tashkil qilindi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, shuningdek, tegishli vazirlik hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari ishtirok etdi. BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi huzuridagi Aksilterror markazi tomonidan «Oʻzbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlarining terrorizmga qarshi kurashda yangi texnologiyalarni qoʻllash imkoniyatlari toʻgʻrisida»gi hisoboti taqdim etildi.
Terrorchilar buzgʻunchi rejalarini amalga oshirish uchun yangi texnologiya va innovatsiyalardan tobora koʻproq foydalanayotgani, mazkur tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bu boradagi salohiyatini rivojlantirish ekanligi taʼkidlandi.
Shuningdek, tadbirda terrorizmga qarshi kurash borasidagi xalqaro va mintaqaviy saʼy-harakatlarni birlashtirishda hamkorlikni mustahkamlash, ushbu murakkab jarayonlarda inson huquqlari va qonun ustuvorligini taʼminlash masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati