1-iyun — «Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni» munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Birinchi mintaqaviy hudud 24-son tarbiya koloniyasida maʼnaviy-maʼrifiy hamda koʻngilochar tadbir oʻtkazildi
2024-06-01 16:35:00 / Yangiliklar

Tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) kotibiyati vakillari, Ichki ishlar vazirligining Jazoni ijro etish departamenti va Toshkent viloyati prokuratura organlari masʼullari hamda Toshkent viloyatining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmati mutasaddilari qatnashdilar.
Tantanali tadbirga viloyat Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi vakillari hamda tarbiyalanuvchilarning ota-onalari hamda yaqin qarindoshlari ham taklif etildilar.
Bayram shukuhi taralib oʻtgan xayrli tadbirda 6 nafar tarbiyalanuvchiga insonparvarlik dalolatnomasi qoʻllanilib, ota-onalarining bagʻriga qaytarildilar, 20 nafar tarbiyalanuvchilarga ID-kartalar topshirildi, oʻquv yilida namunali xulqi va jamoat ishlarida faol ishtirok etgan 6 nafar tarbiyalanuvchilarga tashakkurnomalar topshirildi.
Shuningdek, Zangiota tumani Maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan 11-sinfni bitirgan 30 nafar tarbiyalanuvchiga hamda 9-sinfni bitirgan 35 nafar tarbiyalanuvchilarga attestatlar topshirildi, Kasb-hunar maktabida hunar oʻrgangan 42 nafar tarbiyalanuvchiga egallagan kasblari boʻyicha sertifikatlar berildi.
Tadbir davomida tarbiyalanuvchilar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish etildi. Bayram dasturxoni bezatildi. Kunning ikkinchi yarmida sportning turlari boʻyicha musobaqalar tashkil etildi.