Temir yoʻllarda xavfsiz kun. Profilaktik tadbirlar uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda
2024-05-27 06:10:00 / Yangiliklar
IIV Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti hamda «Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJning hamkorlikdagi rejasiga muvofiq, haftaning har chorshanba kuni «Temir yoʻllarda xavfsiz kun» deb belgilangan. Shunga koʻra, joylarda profilaktik tadbirlar uyushqoqlik bilan oʻtkazilmoqda.
«Nazarbek» temir yoʻl bekati hududida oʻtkazilgan navbatdagi profilaktik tadbir davomida xizmat hududi boʻylab 15 ta ogohlantiruvchi banner oʻrnatildi. Shu bilan birga, Zangiota tumanida joylashgan «Harakat» mahalla fuqarolar yigʻini aholisi, 6-sonli umumtaʼlim maktabi oʻquvchi-yoshlari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirlarda temir yoʻlda harakat xavfsizligini taʼminlash, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, davlat mulkini talon-toroj qilmaslik haqida soʻz bordi. Qolaversa, chorva mollarini temir yoʻllar yaqinida boqmaslik, turib qolgan yuk vagonlariga chiqmaslik, vagonlar tagidan oʻtmaslik, temir yoʻl izlariga begona jism qoʻymaslik, transport vositalariga shikast yetkazmaslik kerakligi taʼkidlandi. Shuningdek, mazkur qoidalarga rioya qilmaslik qanday oqibatlarga olib kelishi aniq misollar yordamida tushuntirildi. Uchrashuvlarda fuqarolar va oʻquvchi-yoshlarga departament tomonidan ishlab chiqilgan flayerlar tarqatildi.
Q. Qurbonov, safdor.