Ichki ishlar vazirligi akademiyasining Sirtqi taʼlim fakulteti bitiruvchilariga diplomlar tantanali ruhda topshirildi
2024-05-26 19:05:00 / Yangiliklar
Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar soha uchun malakali kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi akademiyasining Sirtqi taʼlim fakulteti ana shu ustuvor maqsadlar yoʻlida tashkil qilingan edi. Oʻtgan qisqa davr mobaynida fakultetda 1500 nafarga yaqin huquqshunos kadrlar tayyorlandi.
Oʻquv dargohida tinglovchilarning bitiruv marosimiga bagʻishlangan navbatdagi tadbir boʻlib oʻtdi. Unda akademiya rahbariyati, professor-oʻqituvchilar va bitiruvchilar ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda sirtqi taʼlim yoʻnalishida kadrlar tayyorlash tizimi yangi bosqichga olib chiqildi. Oʻquv jarayoniga interfaol yondashuvlar, shu jumladan, «Moodle» platformasi keng joriy qilindi. Tinglovchilarning fanlarni oʻzlashtirishi, oʻz ustida mustaqil ishlashi, xorij tajribalarini oʻrganishi hamda maʼnaviy dunyoqarashini yuksaltirishi uchun zamon talablari darajasida shart-sharoitlar yaratildi.
Akademiya rahbari bitiruvchilar oldida turgan dolzarb vazifalarga toʻxtaldi. «Yurtimizdagi islohotlar inson manfaatlarini taʼminlash, xalqimizni rozi qilishga qaratilgan. Ushbu ezgu tamoyil faoliyatimiz mezoni boʻlishi kerak. Ana shu masʼuliyatni chuqur his qilib, ona Vatanimiz va xalqimizga yuksak sadoqat bilan xizmat qilinglar», dedi Rustam Xatamov.
Shundan soʻng bitiruvchilarga «yurist» malakasini beruvchi diplomlar tantanali ravishda topshirildi. Safdoshlari nomidan Shavkat Fayziyev va Nigora Davronova soʻz olib, taʼlim bergan ustozlari mehnatini eʼtirof etgan holda zimmalaridagi masʼuliyatni munosib oqlashga vaʼda berdilar.
IIV akademiyasi Axborot xizmati