Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov «Soʻngi qoʻngʻiroq» tadbirida ishtirok etdi
2024-05-26 10:20:00 / Yangiliklar
25-may kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Ikromjon Tursunov Buxoro shahridagi 23-sonli ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabida boʻlib oʻtgan «Soʻngi qoʻngʻiroq» tadbirida qatnashdi.
Tantanali tadbir viloyat harbiy gornizoni orkestri hamda oʻquvchilar joʻrligida Oʻzbekiston Respublikasi madhiyasini kuylashdan boshlandi.
Shundan soʻng, Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bitiruvchi oʻgʻil-qizlarga yoʻllagan tabrigini oʻqib eshittirdi.
Shuningdek, boshqarma boshligʻi oʻz soʻzida bugungi kunda yoshlarning taʼlim-tarbiya olishlari uchun mamlakatimizda yaratilgan keng koʻlamli imkoniyatlarni eʼtirof etib, ushbu sharoitlardan oqilona foydalangan holda kelajakda vatanimizning mard, jasur, yuksak bilimli va salohiyatli yoshlari boʻlib yetishishlari zarurligini alohida taʼkidladi.
Tadbir davomida Ichki ishlar boshqarmasi buyrugʻi bilan yaxshi natijalarga erishgan oʻqituvchi va oʻquvchilar boshqarma boshligʻining faxriy yorligʻi va qimmatbaho esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.
Shu bilan birga, maktab maʼmuriyati tomonidan taʼlim dargohi bilan uzviy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan namunali ota-onalar va oʻqishda barchaga oʻrnak boʻlib yuqori natijalarga erishgan oʻquvchilar ham taqdirlandi.
Shu kuni oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan musiqiy chiqishlar, barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbirdan soʻng boshqarma boshligʻi maktab faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida, oʻqituvchi va oʻquvchi yoshlarga yaratilgan shart sharoitlarni koʻzdan kechirdi.
Jarayonda maktab kutubxonasiga kitoblar toʻplamini sovgʻa qildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati