audio

    0+
    Tergov amaliyotidan. Qimmatga tushgan musht

    J.Jumaqul (ismlar o‘zgartirildi) hali tong otmasdanoq, “Spark” rusumli avtomashinasida otasi bilan molbozorga yo‘l olishdi.

    Katta yo‘l yoqasiga chiqqach, beton to‘siqqa yaqin qismidan harakatlanishni davom ettirdi. Shu payt orqada kelayotgan “Epika” rusumli avtomashina undan yo‘l so‘rab, uzoqni yorituvchi chiroqlarni yoqib o‘chirdi.

    Biroq o‘ng tomonida ham boshqa avtotransport vositalari harakatlanib kelayotganligi sababli “Epika”ga yo‘l berolmadi. Bu esa haydovchini “sher”ga aylantirdi.

    U “Spark”ni quvib o‘tib, Jumaqulga qo‘li bilan imo-ishoralar qilib, avtomashinani to‘xtatishni so‘radi. Noiloj u chetga chiqib to‘xtadi.

    “Epika” haydovchisi mashinadan tusha solib o‘shqira ketdi. So‘ng haqoratlashga tushdi. Jumaqulning bosiqlik bilan muomala qilishiga javoban haydovchi unga tashlandi. Jumaqulning ham jahli chiqib, uning yuziga musht tushirdi. Keyin yana ketma-ket ikki marotaba urdi.

    Shu tariqa, yo‘q joydan chiqqan mashmasha tufayli ularning biri shifoxonaga, yana biri tuman IIBga keltirildi.

    Tergov jarayonida Jumaqul aybiga iqrorlik bildirdi. Ammo jinoyat hech qachon jazosiz qolmaydi. Sud hukmi bilan J.Jumaqul qilmishiga yarasha jazosini oldi.

    Yaʼni, ish haqining 15 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan ikki yil axloq tuzatish ishlari jazosi berildi.

    Behzod Fayzulloyev, Vobkent tumani IIB huzuridagi tergov guruhi katta tergovchisi, mayor.

    • view_icon 233