Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov Vobkent tumanining Xayrixush mahallasida sayyor qabul oʻtkazdi
2024-05-22 09:00:00 / Yangiliklar
Prezidentimizning tashabbusi va qabul qilgan normativ huquqiy hujjatlariga asosan aholi bilan doimiy muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni hal etishning samarali mexanizmi va usullarining joriy etilgani mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi boʻlib xizmat qilmoqda.
Shundan kelib chiqib, bugun 21-may kuni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi podpolkovnik Ikromjon Tursunov viloyat 3-sektoriga qarashli Vobkent tumanining Xayrixush mahallasida aholi murojaatlari yechimiga qaratilgan sayyor qabul oʻtkazdi.
Viloyat 3-sektor shtabi aʼzolari, tuman sektor rahbarlari, tegishli tashkilot va idoralar masʼullari ishtirokida oʻtkazilgan yuzma-yuz ochiq muloqotda 20 nafar fuqarolarning 30 dan ortiq turli masalalardagi murojaatlari qabul qilindi.
Jumladan, ish bilan taʼminlash, taʼlim krediti, tadbirkorlikni kengaytirishda amaliy yordam berish, yaroqsiz sim yogʻochlarni yangilash, elektr taʼminotidagi past kuchlanishni bartaraf etish, ichki yoʻllarni taʼmirlash va shagʻallashtirish, piyodalar yoʻlaklarini barpo etish, sunʼiy notekisliklar hamda tartibga soluvchi svetofor oʻrnatish masalalari koʻtarildi.
Asosiy eʼtibor, murojaatlarning joyida hal etilishiga qaratilib, qoʻshimcha oʻrganish va qonuniy qaror qabul qilish uchun ish yurituviga olingan murojaatlar yuzasidan aniq va manzilli chora-tadbirlar belgilanib, tegishli sohaviy xizmatlar rahbarlariga bajarish muddatlari aniq belgilangan koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Albatta, bu kabi sayyor qabullarni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad xalq bilan faol va ochiq muloqot olib borish, avvalo inson huquq hamda manfaatlarini taʼminlash orqali xalqimizning farovon, baxtli hayot kechirishi uchun munosib shart-sharoit yaratishdan iboratdir.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amaliyotga tatbiq etilayotgan, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash borasida asos solingan yangi tizim avvalo, ijtimoiy adolatni taʼminlash borasida oʻzbekona hayot falsafasi va milliy davlatchilik maktabiga xos barhayot anʼanalarning yangi taraqqiyot bosqichi boʻlishi bilan birga, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirish yoʻlidagi strategik maqsadlarga erishishning qudratli vositasiga aylanmoqda desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati