Andijon viloyatining Xonobod shahrida sud-huquq masalalari boʻyicha sayyor qabul oʻtkazildi
2024-05-22 09:00:00 / Yangiliklar
Mamlakatimizda bugun barcha davlat idoralari aholining murojaatlari bilan ishlash boʻyicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga oʻtdi. Joylarda oʻtayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda kutilgan natijalarni bermoqda.
Xususan, joriy yilning 21-may kuni Xonobod shahrida sud-huquq masalalari boʻyicha oʻtkazilgan sayyor qabulda ham fuqarolarni qiynab kelayotgan koʻplab muammolarga ijobiy yechim topildi.
Boʻlib oʻtgan sayyor qabulda Andijon viloyati IIB boshligʻi А.Т.Раҳматуллаев ham ishtirok etib, probatsiya hisobidagi shaxslarni jazodan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilish, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini tasdiqlovchi ID kartalar rasmiylashtirish, tergov-surishtiruv harakatlari hamda boshqa turli ijtimoiy masalalarda kelib tushgan koʻplab murojaatlar ham joyida ijobiy hal etildi. Ayrim murojaatlar boʻyicha huquqiy tushunchalar berilib, ijrosi alohida nazoratga olindi.
Oʻtkazilayotgan bu kabi sayyor qabullar aholi muammolarni aniqlash, joyida hal qilish, ularni bartaraf etish maqsadlariga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Andijon viloyati IIB Axborot xizmati