Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi tinglovchilari Xitoy Xalq Respublikasida malaka oshirib qaytdi
2024-05-21 10:25:00 / Yangiliklar
Oʻquv kurslari Oʻzbekiston va Xitoy davlatlari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan mustahkam aloqalar doirasida oʻzaro tajriba almashish maqsadida tashkil qilindi.
Mashgʻulotlar mamlakatning yetakchi taʼlim muassasalaridan biri sanalgan Jamoat xavfsizligi universiteti mutaxassislari tomonidan olib borildi. Interfaol tarzda oʻtkazilgan oʻquv kurslarida tinglovchilar Xitoy politsiya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, jamoat tartibi va xavfsizligini taʼminlash sohasiga tatbiq qilingan innovatsion yondashuvlar, politsiya tuzilmalari faoliyatini boshqarish, zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish, Oʻzbekiston va Xitoy huquqni muhofaza qiluvchi organlari oʻrtasidagi hamkorlik kabi yoʻnalishlarda maʼruza tinglab, oʻzaro fikr almashdilar.
Bundan tashqari, magistrlarimiz uchun Pekin shahridagi politsiya tuzilmalari faoliyati bilan tanishish, “CIPATE-2024” maxsus texnologiyalar koʻrgazmasida ishtirok etish imkoniyati yaratildi.
Oʻquv kursi yakunlari munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda universitet rektori Sao Shitsyuan ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini alohida eʼtirof etib, sertifikatlarni tantanali ravishda topshirdi.
IIV Akademiyasi Axborot xizmati