Namangan viloyati IIB boshligʻi polkovnik Shuxrat Aliyev huzurida «Xavfsiz mahalla» oyligi doirasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi
2024-05-14 09:00:00 / Yangiliklar
Namangan viloyati hududida «Xavfsiz mahalla» oyligi doirasida jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, jamoat va yoʻl-harakati xavfsizligini taʼminlash ustuvor vazifa etib belgilangan.
Bugun polkovnik Shuxrat Aliyev huzurida videoselektor tarzida oʻtkazilgan yigʻilishda oʻrinbosarlar, sohaviy xizmat rahbarlari, shahar-tuman IIB rahbariyati va jinoyat sodir etilishiga yoʻl qoʻyilgan mahallalar profilaktika inspektorlari hamda ushbu hududlarga biriktirilgan masʼul xodimlar ishtirok etishdi va may oyining dastlabki oʻn kunligida sohaviy xizmatlar, shuningdek, shahar-tuman IIBlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar hamda yuzaga kelgan kamchiliklar tanqidiy ruhda muhokama qilindi.
Muhokama natijasiga koʻra, mahallalarda sodir etilgan jinoyatlarning oldini olishda «mahalla yettiligi» va boshqa masʼul xodimlar tomonidan yetarlicha ish tashkil etilmaganligi, oʻzaro hamkorlik toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganligi, jinoyatlarning sodir etilishiga sababchi boʻlgan omillar chuqur oʻrganilmaganligi keskin tanqid qilinib, kelgusida mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, aholi muammolarini oʻrganib borish, ishsiz qatlamning bandligini taʼminlash, oilaviy nizolarni bartaraf etish, oʻgʻirlik, bezorilik kabi jinoyatlarini sodir etilishini oldini olishda hamkorlikda ish tashkil etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Namangan viloyati IIB Axborot xizmati