IIV tizimida «Eng namunali oila» koʻrik-tanlovining respublika bosqichi oʻtkazildi
2024-05-13 16:55:00 / Yangiliklar

Ichki ishlar organlarida «Sogʻlom oila – sogʻlom jamiyat» gʻoyasini tatbiq etish, oilaviy qadriyatlarni saqlash va namunali oilalarning hayotiy tajribalarini ommalashtirish maqsadida barcha viloyatlar kesimida oʻtkazilib kelinayotgan «Namunali oila» koʻrik-tanlovining respublika final bosqichi oʻtkazildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar hamda viloyatlar shuningdek, Qorovul qoʻshinlari qoʻmondonligidan tashrif buyurgan jami 17 ta jamoa 3 ta shart boʻyicha oʻzaro bellashishdi.
Dastavval, tadbirni Ichki ishlar vazirligi maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti oʻrinbosari kirish soʻzi bilan ochib berib, «Namunali oila» koʻrik-tanlovining final bosqichigacha yetib kelgan barcha oilalarga omad tiladi. Shundan soʻng murosasiz va qiziqarli tanlov boshlandi. 1 shartda ishtirokchi oilalar oʻzlarini tanishtirishdi. Shuningdek, oilaviy qadriyat va milliyligimizni aks ettirish, oiladagi hamjihatlik va mehr oqibat gʻoyalarini namoyish etishdi. Ikkinchi shartda esa oilalar tomonidan tayyorlangan «Mening oilam» nomli videorolik hakamlar hayʼati aʼzolari hamda tomoshabinlarga namoyish etildi.
Uchinchi shartda ishtirokchilar oʻzlarining qay darajada kitobxon ekanligini koʻrsatdi. Kitobxon oila shartida turli asarlardan ishtirokchi oilalarga savollar berildi. Kitoblar mutolaa qilishni oilaviy anʼanaga aylantirib ulgurgan jamoalarga ushbu shart qiyinchilik tugʻdirmadi.
Shartlar soʻngida hakamlar hayʼati aʼzolari tomonidan oilaviy jamoalarga qoʻyilgan umumiy ballar hisoblandi. Natijalarga koʻra 3 oʻrinni Samarqand viloyati Toyloq tumani ichki ishlar boʻlimidan tashrif buyurgan Ismoilovlar oilasi qoʻlga kiritdi.
Shuningdek 2 oʻringa Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasidan ishtirok etgan Mamatovlar oilasi munosib koʻrilgan boʻlsa, faxrli 1 oʻrinni Ichki ishlar vazirligi Axborot xizmati xodimi Usmonovlar oilasi qoʻlga kiritdi. Gʻoliblarga vazirlikning diplom esdalik sovgʻalari va pul mukofotlari topshirildi. Bundan tashqari barcha ishtirokchi oilalar turli nominatsiyalar bilan ragʻbatlantirildi.
Shuningdek tadbir soʻngida ichki ishlar vazirligi Ashula va raqs ansambli xushovoz xonandalari tomonidan kuylangan kuy va qoʻshiqlar barchada unutilmas taassurot qoldirdi.
Taʼkidlash joizki, bu kabi oʻtkazilayotgan tanlovlar xodimlar va ularning oila aʼzolarini oʻz isteʼdod va qobiliyatlarini namoyish etishiga, boshqa oilalarga namuna boʻlishiga xizmat qiladi.